Vashington va Tehron keskinlikka chek qo‘ydi: Jenevada tinchlik shartnomasi imzolanadi
Pokiston Bosh vaziri AQSH va Eron o‘rtasida tarixiy tinchlik bitimi tuzilganini e’lon qildi. Mintaqada ko‘p yillik harbiy keskinlikka chek qo‘yilib, yangi davr boshlanishi mumkin.
Shahboz Sharif bayonotiga ko‘ra, tomonlar barcha yo‘nalish, jumladan Livan hududida ham harbiy harakatni zudlik bilan va uzil-kesil to‘xtatishga kelishgan. Ushbu hujjatni rasmiy imzolash marosimi 19-iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadi. Tinchlik muzokarasida vositachilik qilgan Pokiston nizo tomonlari, shuningdek jarayonda yaqindan ko‘maklashgan Qatar, Saudiya Arabistoni va Turkiya davlatlariga minnatdorlik bildirdi.
Prezident Donald Tramp ham ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasida Eron bilan kelishuv yakunlanganini yozgan. Oq uy rahbari Hurmuz bo‘g‘ozini hech qanday boj va cheklovsiz ochish hamda AQSH harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘rnatilgan dengiz qamalini darhol bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ta’kidladi. Xorijiy kemalarni neft tashishda davom etishga chaqirar ekan, Tramp keyinchalik jurnalistlarga bergan izohida bo‘g‘oz Eron bilan kelishuv rasmiy imzolangandan keyin to‘liq ochilishini qo‘shimcha qildi.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ham davlat televideniyesi orqali chiqish qilib, Vashington bilan kelishilgan hujjat matni tayyorligini tasdiqladi. Ushbu dastlabki kelishuvdan so‘ng 60 kun davomida yakuniy tinchlik shartnomasini ishlab chiqish bo‘yicha muzokara olib boriladi va bu davrda Islom Respublikasi memorandum sharti bajarilishini qat’iy nazorat qiladi. O‘z navbatida, vitse-prezident Jey Di Vens Jenevadagi tadbirda ishtirok etishni rejalashtirayotgani, anjumanga Prezident Donald Trampning shaxsan o‘zi borishi ham mumkinligini ma’lum qildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA