Turkiy davlatlar Daun sindromli sportchilari o‘rtasidagi V xalqaro yengil atletika chempionati o‘tkazildi
Poytaxtimizda Turkiy davlatlar Daun sindromli sportchilari o‘rtasida o‘tkazilgan V xalqaro yengil atletika chempionati hamda uning doirasida tashkil etilgan ikki kunlik o‘quv-amaliy seminar-trening matonat va iroda sohibi bo‘lgan yoshlarga bir olam sport zavqini tortiq etdi.
O‘quv-amaliy seminar-treningda 70 nafar murabbiy va o‘qituvchi ishtirok etib, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Seminar yakunida tinglovchilarga xalqaro namunadagi sertifikatlar topshirildi.
Tadbir doirasida Turkiyaning TOSSFID, Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti Toshkent filiali hamda Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash instituti o‘rtasida Daun sindromli sportchilar murabbiylarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzolandi.

O‘zbekiston adaptiv sport tashkilotlarining mutasaddilari, Turkiya Maxsus sportchilar federatsiyasi prezidenti Birol Aydin, Qirg‘izistonning O‘sh shahri Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Murat Omoshov ishtirok etgan mazkur chempionatda 130 nafar matonat sohiblari o‘zaro raqobatlashdi.

Musobaqa davomida sportchilar 100, 200 va 400 metrga yugurish, to‘p uloqtirish, uzunlikka sakrash hamda nayza uloqtirish kabi sport turlari bo‘yicha bellashdi.
Chempionat yakunida g‘olib va sovrindorlar medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bunday musobaqalar maxsus sportchilarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, sport orqali jamiyatga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA