Olimp cho‘qqisi sari odimlayotgan o‘zbek o‘g‘loni
Respublika va xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlari bilan tanilayotgan Rahimjon Uzoqov yangi g‘alabalar va Olimpiya orzusi sari qat’iy intilayotgan yosh chempionlardan biridir.
Yurtimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotgan yosh sportchilar safida yangi nomlar tobora ko‘paymoqda.
Ana shunday istiqbolli polvonlardan biri — yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Buxoro davlat universiteti talabasi Rahimjon Uzoqovdir. U qisqa vaqt ichida respublika va xalqaro musobaqalarda ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi.
Rahimjon Uzoqov 2004-yil 20-iyunda Buxoro viloyati Kogon tumanida tug‘ilgan. U sportga bolaligidan qiziqib, 12 yoshidan yunon-rum kurashi bilan shug‘ullana boshladi. Ilk muvaffaqiyati Buxoro viloyati chempionatida qo‘lga kiritgan bronza medali bo‘ldi. Aynan shu g‘alaba uning katta sportdagi ishonchini mustahkamladi.
Izchil mehnat va mashg‘ulotlar o‘z samarasini ko‘p kuttirmadi. 2023-yilda Rahimjon polvon mamlakat chempioniga aylandi. Oradan bir yil o‘tib, Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritib, xalqaro maydonda ham o‘z salohiyatini namoyon etdi.

2025-yil sportchi uchun muhim bosqich bo‘ldi. U yana bir bor O‘zbekiston chempioni degan sharafli unvonga sazovor bo‘ldi. Vetnamdagi U23 Osiyo chempionatida bronza medaliga ega chiqdi. Shuningdek, Xorvatiyadagi reyting turnirida sakkizinchi, Serbiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida oltinchi o‘rinni egallab, dunyoning eng kuchli polvonlari bilan tengma-teng raqobatlasha olishini isbotladi.
2026-yil esa Rahimjon Uzoqov faoliyatida alohida ahamiyat kasb etdi. U ketma-ket uchinchi marta O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Eng muhimi, Vetnamning Da Nang shahrida bo‘lib o‘tgan U23 Osiyo chempionatida 87 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etib, Osiyo chempioniga aylandi. Bu natija nafaqat uning shaxsiy faoliyati, balki Buxoro kurash maktabi va mamlakatimiz sportchilari uchun ham muhim yutuq sifatida baholandi.
Rahimjon III Turkiy davlatlar Universiadasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu uning xalqaro musobaqalarda barqaror natija ko‘rsatayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Yosh polvon erishgan yutuqlarida oilasi va ustozlarining mehnati beqiyos ekanini alohida ta’kidlaydi.

— Bugungacha erishgan barcha natijalarimda ota-onam va oilamning qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, bolaligimdan katta sportga tayyorlab kelayotgan ustozim Farrux Ahmedovning mehnati juda katta. Ularning ishonchi menga yangi marralar sari intilish uchun kuch bag‘ishlaydi, — deydi Rahimjon Uzoqov.
Bugungi kunda sportchining asosiy maqsadi — 2026-yil AQSHda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritish, 2028-yilgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish va Vatanimizga Olimpiya oltinini taqdim etishdir.
Rahimjon Uzoqovning bugungi muvaffaqiyatlari iqtidor, mehnat va matonat uyg‘unligining yorqin namunasidir. Uning sportdagi har bir g‘alabasi mamlakatimizda yoshlar sportini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar amalda o‘z samarasini berayotganining yana bir tasdig‘i hisoblanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA