Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni qanday ta’minlanmoqda?
Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti hamda uning quyi tizimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov boshqargan yig‘ilishda tizim mas’ul xodimlari, videokonferensaloqa tizimi orqali viloyat boshqarma boshliqlari, sohaviy xizmat rahbarlari, bo‘linma boshliqlari hamda viloyat xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar, shu bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizga kelayotgan sayyohlarga o‘zlarini xavfsiz sezishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xizmat yo‘nalishlari keskin tanqid qilindi. Bunga sababchi bo‘lgan xodimlarning o‘tgan davr mobaynidagi faoliyatlari atroflicha muhokama qilindi. Ularga intizomiy ta’sir choralari ko‘rish, shuningdek, ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlarni esa munosib rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida aniq belgilangan yo‘l xaritasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Jinoyatlarning salmog‘i oshib ketgan turlari yuzasidan tezkor profilaktik targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy ilg‘or texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, kameralashtirish orqali hududlarni to‘liq qamrovga olish va boshqa masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Shu bilan birga, quyi bo‘g‘in rahbarlari qo‘l ostidagi xodimlarning oilaviy sharoiti, ularning muammolaridan doimiy xabardor bo‘lish hamda ijtimoiy-kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir etuvchi omillarni chuqur tahlillar asosida o‘rganib borish topshirildi.
Chunki bu ishlar shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Mazkur jarayonda tarbiyaviy ishlarni jadallashtirish, xodimlarning xizmat faoliyati ustidan kunlik nazoratni kuchaytirish, ularning muomala madaniyatini yuksaltirish, odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etish, xizmatga fidoyilik va sadoqat bilan yondashishi bo‘yicha yo‘riqnomalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA