Trampolin: Mamlakat chempionlari aniqlandi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida trampolin bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati eng mahoratlilarni aniqlash bilan birga, terma jamoaga munosib nomzodlarni saralash vazifasini ham o‘tadi.
Uch kun davom etgan mazkur musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan saralangan sportchilar ishtirok etib, keskin va murosasiz bahslarda o‘z omadini sinovdan o‘tkazishdi.

Trampolinning 6 ta yo‘nalishida o‘tkazilgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, sinxron sakrash dasturining yakkalik musobaqalarida Mirshohid Hasanboyev va Farangiz Ro‘ziyeva mamlakat chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, tegishli yo‘nalishlardagi bahslarda Saidno‘monxon Saidmahmudov, Ahror Abdullayev, Muhammaddiyor Yo‘ldoshev, Farida Sherg‘oziyeva, Gavharoy Mahmudjonova, Ruhshona Ravshanova, Lola Ahmedova singari sportchilar 1-o‘rinni egalladi.

Chempionatning jamoaviy musobaqalarida Farg‘ona viloyati vakillari erkaklar o‘rtasida, Namangan viloyati vakillari esa ayollar bahsida shohsupaning eng yuqorisidan joy egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA