Sport rivojida parlament ham faol ishtirok etmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlis kun tartibidan bir qator qonun loyihalari muhokamasi o‘rin olgan.
Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov o‘tgan hafta davomida mamlakatimiz hayotida sodir bo‘lgan muhim voqeliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, vatandoshimiz, shaxmatimiz tarixida birinchi marotaba Nomzodlar turnirida g‘alaba qozongan Javohir Sindorovning yutug‘ini alohida e’tirof etdi. Nomzodlar turnirida rekord natijalar ko‘rsatib, muddatidan oldin g‘oliblikni qo‘lga kiritgani uchun Javohir Sindorov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangani, Prezidentimiz shaxmatchini mazkur tarixiy zafar bilan samimiy qutlaganini ta’kidladi.
Spiker Javohir Sindorovning bu yuksak yutug‘i mamlakatimizda sportga, jumladan, shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy samarasi ekanini qayd etdi. Sohani rivojlantirish maqsadida Prezidentimiz, davlatimiz, hukumat va parlament tomonidan muhim choralar amalga oshirilayotganini aytib o‘tdi. Xususan, shu yil yangi tahrirdagi jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani, unda sohani takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilganini ta’kidladi.
Sport sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligida ta’sirchan parlament nazorati amalga oshirilayotgani, parlament vakillari fraksiya va qo‘mitalarda soha mutasaddilarining axborotlarini eshitib borayotgani qayd etildi.
Umuman, aholi va yoshlarni sportga jalb etish borasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotgani alohida ta’kidlandi.
M.Komilova, O‘zA