Trampning Eron bo‘yicha rejasi, Zelenskiyning xavotiri va Pekindagi strategik muzokaralar
AQSH prezidenti Donald Tramp haj mavsumi yakunlanganidan so‘ng Eronga qarshi harbiy harakatlarni qayta tiklashi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda Middle East Eye nashri manbalarga tayanib ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilari keskin bosqichdagi hujumlar aynan haj ziyorati davrida amalga oshirilmasligini so‘rab, mintaqaviy beqarorlik va ziyoratchilar xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlarni urg‘ulagan. Xabarda aytilishicha, BAA, Saudiya Arabistoni va Qatar avvalroq Vashingtondan hujumlarni vaqtincha to‘xtatishni so‘ragan, shu sababli ayrim harbiy rejalar kechiktirilgan. Shu bilan birga, manbalarga ko‘ra, mojaro haj mavsumi tugaganidan keyin yana kuchayishi mumkinligi ehtimoli tilga olinmoqda, biroq rasmiy tasdiqlar ochiq e’lon qilinmagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uGDjGVtHjhw" title="Trampning Eron bo‘yicha rejasi, Zelenskiyning xavotiri va Pekindagi strategik muzokaralar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Chernigov–Kiyev yo‘nalishi orqali urushni kengaytirish bo‘yicha beshta ssenariy tayyorlaganini ma’lum qildi. Bu haqda u Oliy bosh qo‘mondonlik shtabi yig‘ilishidan so‘ng bayonot berib, shimoliy yo‘nalishdagi razvedka ma’lumotlari batafsil tahlil qilinganini bildirgan. Zelenskiy Ukraina bu tahdidlarga qarshi harbiy va diplomatik choralarni kuchaytirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus omili va Rossiya bilan qo‘shma harbiy faolliklar xavfni yanada oshirmoqda, shu sababli Ukraina har bir ehtimoliy ssenariyga alohida javob tayyorlamoqda.
AQSH rasmiylari Ebola virusi bilan bog‘liq cheklovlarga qaramay, Kongo Demokratik Respublikasi futbol terma jamoasining 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etishi uchun mamlakatga kirishiga ruxsat berilishini tasdiqladi. Bu haqda Davlat departamentiga tayanib Al Jazeera xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kongo DR, Uganda va Janubiy Sudandan kelgan chet elliklar uchun joriy etilgan 21 kunlik kirish taqiqi mavjud bo‘lsa-da, terma jamoa ushbu qoidadan istisno qilinadi. Rasmiylar futbolchilar zarur bo‘lsa maxsus tibbiy nazorat va protokollar asosida qabul qilinishi, oddiy muxlislar uchun esa cheklovlar o‘z kuchida qolishini bildirgan.
Britaniyaning Radio Caroline radiostansiyasi texnik xatolik sababli qirol Charlz III vafot etganini efirda noto‘g‘ri e’lon qilib yubordi. Bu haqda The Guardian xabar berdi. Keyinchalik stansiya rahbariyatiga ko‘ra, bu holat “Monarch” deb nomlangan favqulodda protokolning tasodifan ishga tushib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Efir davomida an’anaviy “God Save the King” madhiyasi yangragan va dastur vaqtincha to‘xtatilgan, biroq oradan 15 daqiqa o‘tib xatolik aniqlanib, uzr so‘ralgan. Radiostansiya bu nosozlik kompyuter tizimidagi xato tufayli yuz berganini bildirgan, qirol Charlz III esa voqea paytida Shimoliy Irlandiyada bo‘lgani ma’lum qilindi.
Isroil harbiylari G‘azoga gumanitar yordam olib ketayotgan “Sumud” flotiliyasi ishtirokchilarini qo‘lga olgani haqida xabar berildi. The Times of Israel ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holat ortidan Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir tomonidan e’lon qilingan video xalqaro maydonda keng munosabat uyg‘otgan. Videoda hibsga olingan faollar qo‘llari orqasiga bog‘langan holda saqlangani va beton maydonchada tiz cho‘ktirilib, Isroil madhiyasini tinglashga majbur qilingani ko‘rsatilgan. Mazkur holat Yevropa va bir qator G‘arb davlatlari tomonidan keskin tanqid qilinib, Isroil rasmiylari ichida ham bahs va noroziliklarga sabab bo‘lgani bildirilmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy raisi Si Szinpin Pekinda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha qariyb 40 ta hujjatni imzoladi. Ular orasida ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirish, strategik hamkorlikni chuqurlashtirish va turli sohalardagi sheriklikni kengaytirishga doir qo‘shma deklaratsiyalar ham borligi bildirildi. Shu bilan birga, asosiy iqtisodiy masalalarda, xususan “Sila Sibiri – 2” gaz quvuri qurilishi va Rossiya gazi narxi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmagani qayd etildi. Tomonlar umumiy yo‘nalish bo‘yicha kelishgan bo‘lsa-da, loyiha muddati va shartlari ochiq qolmoqda, Pekin esa hozircha mavjud quvurlar orqali gaz importni kengaytirishga ustuvorlik beryapti.
Samsung Electronics rahbariyati ish tashlash boshlanishiga atigi bir yarim soat qolganida xodimlar kasaba uyushmasi bilan ish haqi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Financial Times xabariga ko‘ra, bir necha kun davom etgan muzokaralardan so‘ng tomonlar Janubiy Koreya mehnat vaziri Kim Yonxun ishtirokida yakuniy kelishuvga kelgan. Kelishuvga binoan, yarimo‘tkazgichlar bo‘linmasi xodimlari kompaniya operatsion foydasining 10,5 foizini bonus sifatida olishi va o‘rtacha ish haqi 6,2 foizga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Mutaxassislar bu kelishuv ish tashlashning oldi olinganini, aks holda u Janubiy Koreya iqtisodiyoti va global yarimo‘tkazgichlar zanjiriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlashgan.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA