Shaharlashuv – taraqqiyot omilimi?
Hech bir davlat shaharlashuvsiz taraqqiy etmagan. Bu haqda Jahon bankining katta iqtisodchisi Mark Roberts Bokuda o‘tkazilayotgan Butunjahon shaharlar forumida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, shaharlar aholini o‘ziga jalb qilar ekan, bu jarayon iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Mutaxassisga ko‘ra, ayniqsa Afrikada shahar infratuzilmasini rivojlantirish uchun ulkan mablag‘ talab etilmoqda. Biror davlat yoki xalqaro tashkilot bu yukni yakka o‘zi ko‘tara olmasligi aytildi. Shu sabab xususiy sektor va xalqaro moliyaviy manbalarni keng jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Roberts shaharlarda tirbandlik, uy-joy tanqisligi va yer narxining oshishi kabi muammolar tabiiy hol ekanini bildirdi. Uning fikricha, bu holat shaharlarning iqtisodiy jihatdan jozibadorligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi, kuchli issiqlik va suv toshqinlari shaharlar faoliyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazayotgani ta’kidlandi.
Ayrim mutaxassislar esa tez va tartibsiz shaharlashuv tengsizlikni kuchaytirayotganini aytmoqda. Addis-Abeba shahar ma’muriyati vakili Moges Tadesse Afrika shaharlari aholi o‘sishi bosimiga ulgurmayotgani va iqlim o‘zgarishi nafaqat iqtisodiyotga, balki inson hayotiga ham katta xavf tug‘dirayotganini qayd etdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA