Tramp: AQSH ma’muriyati Boku va Yerevan o‘rtasida samarali tinchlik muzokaralarini intiqlik bilan kutmoqda
Prezident Donald Tramp Boku energetika haftaligi ishtirokchilariga xat yo‘lladi. Maktubni tadbir ochilishi marosimida AQSH Davlat kotibining iqtisodiy, energetika va biznes masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jorj Orr o‘qib eshittirdi.
Amerika rahbari maktubida Qo‘shma Shtatlar Ozarbayjon neft va gaz sanoatining kuchli tarafdori ekanligini ta’kidladi hamda kelgusida ikki mamlakat o‘rtasidagi global energiya xavfsizligi sohasidagi mustahkam sheriklik ahamiyati ortib borishiga qat’iy ishonchini bildirdi.
Bundan tashqari, Tramp xatda Vashingtondagi sammit davomida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida uzoq muddatli tinchlikka erishilganiga ham to‘xtalgan.
– Ma’muriyatimiz iyun oyida ushbu masala bo‘yicha samarali muzokaralarni intiqlik bilan kutmoqda, – deb yozadi Donald Tramp. – Birgalikda tinchlikni rivojlantiramiz, farovonlikni mustahkamlaymiz va mintaqangiz va dunyo uchun yanada xavfsiz kelajak quramiz. Yana bir bor Boku energetika haftaligi muvaffaqiyati bilan tabriklayman.
S.Rahimov, O‘zA