Toza ichimlik suvi qamrovi 95 foizga yetdi
Aholini sifatli va xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Guliston tumanida ham markazlashgan ichimlik suvi tizimini kengaytirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda kommunal xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Natijada bugungi kunda tuman aholisining markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 95 foizga yetdi.
Bu boradagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 25-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va kanalizatsiya xizmatlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Jahon banki ishtirokida qiymati 7,5 million AQSH dollarini tashkil etuvchi yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ayni paytda tender jarayonlari yakunlanib, pudratchi tashkilot belgilangan hamda qurilish-montaj ishlari boshlangan.

Loyiha doirasida 39 ta tik quduq qazish, 37 ta suv minorasini barpo etish hamda umumiy uzunligi 171,4 kilometr bo‘lgan magistral va ichki ichimlik suvi tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, tuman markazidagi oqova suv tizimlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilish ishlari ham amalga oshiriladi. Loyiha to‘liq yakunlangach, Guliston tumani aholisi to‘liq markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanib, suv ta’minotining barqarorligi va sifati yanada yaxshilanadi.
Shu bilan birga, aholining murojaatlari hamda hududlardagi ehtiyojlardan kelib chiqqan holda mahallalarda manzilli ishlar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Yulduz va Soyibobod mahallalarida 12,5 kilometr yangi ichimlik suvi tarmog‘i qurilmoqda. Buning natijasida Yulduz mahallasidagi 280 dan ortiq xonadon ilk bor markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulandi.

Soyibobod va Mustaqillik mahallalarida 12,8 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari joriy ta’mirlanmoqda. Tizimning ishonchli va uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida 6 ta energiya tejamkor nasos agregati o‘rnatildi. Suv inshootlari zamonaviy xlorlash uskunalari bilan jihozlanib, sanitariya talablariga muvofiq foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, Ahmad Yassaviy mahallasida 100 metr, Ahillik mahallasida 80 metr hamda Hamid Olimjon mahallasida 100 metr qo‘shimcha ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 113 ta xonadonga suv hisoblagichlari bepul o‘rnatildi. Shuningdek, tuman bo‘yicha 560 ta suv hisoblash uskunasi yangisiga almashtirildi.

E’tiborli jihati, amalga oshirilayotgan loyihalar to‘liq yakunlangach, tumandagi 24 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 13 ming 778 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi. Bu esa aholining turmush sifati va hayot farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
— Toza ichimlik suvi masalasi ko‘p yillar davomida aholini o‘ylantirib kelgan eng dolzarb muammolardan biri edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli nafaqat Guliston tumanida, balki butun Sirdaryo viloyatida bu boradagi muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Yangi tik quduqlar qazilib, ichimlik suvi tarmoqlari tortilgani ko‘p yillik muammolarimizga yechim bo‘ldi. Bugun buning samarasini har bir xonadon his qilmoqda. Bundan nafaqat biz, keksa avlod vakillari, balki butun mahalla ahli mamnun, — deydi mehnat faxriysi Nurmamat bobo Oxunov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri