Xorijda ta’lim olish shunchaki maqsad emas, balki davlatni modernizatsiya qilish vositalaridan biriga aylanmoqda
Yaqinda Prezidentimiz yoshlar bilan ochiq muloqot chog‘ida mamlakat taraqqiyotining eng muhim tayanchi bo‘lgan bilimli va zamonaviy mutaxassis kadrlarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish ko‘lamini kengaytirish, qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, jamg‘armaning yangi o‘quv yilidagi rejalari, xorijda ta’lim olish istagidagi yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda stipendiya dasturlarini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida “El-yurt umidi” jamg‘armasi Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot xizmati rahbari Elvina Mustafina bilan qisqa suhbat uyushtirdik.
— Aytingchi, yangi o‘quv yilida “El-yurt umidi” jamg‘armasi oldiga qanday asosiy vazifalar qo‘yilgan?

— Prezidentimiz tashabbusi bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasining transformatsiya qilinishi davlatimiz siyosatidagi kengroq burilishni aks ettiradi. Xorijda ta’lim olish endi shaxsiy imtiyoz emas, balki milliy raqobatbardoshlikka kiritilgan sarmoya sifatida qaralmoqda.
Agar ilgari asosiy savol “qancha yoshlarni o‘qishga yubora oldik?” degan mazmunda bo‘lgan bo‘lsa, bugun u boshqacha qo‘yilmoqda: “mamlakat mutaxassislarni qaysi sohalar uchun tayyorlayapti va ular qaytib kelgach qanday natija berishi kerak?”.
Aynan mana shu — miqdoriy modeldan strategik modelga o‘tish “El-yurt umidi” jamg‘armasining yangi vazifalarini belgilab bermoqda.
Bunda asosiy maqsad — jamg‘arma dasturlarini hududlar, tarmoqlar va davlat institutlarining real ehtiyojlari bilan bog‘lashdir.
Zamonaviy iqtisodiyot shunchaki diplomli mutaxassislarni emas, balki yaqin yillarda mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan sohalarda ishlay oladigan kadrlarni talab qiladi. Gap sun’iy intellekt, biotexnologiya, robototexnika, kiberxavfsizlik, energetika, suv resurslarini boshqarish, aviatsiya, kosmik muhandislik va raqamli davlat boshqaruvi haqida bormoqda.
Shu bois jamg‘arma faoliyatining yangi mantig‘i manzilli tayyorgarlik atrofida qurilgan. Avval hudud, vazirlik, tarmoq yoki korxonaning aniq ehtiyoji belgilanadi. So‘ngra shu ehtiyojdan kelib chiqib nomzod tanlanadi, universitet va ta’lim dasturi aniqlanadi, shundan keyin uning kelgusidagi kasbiy trayektoriyasi shakllantiriladi.
Yana bir yo‘nalish — xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlarni kengaytirishdir. Bunday model ta’limning bir qismini O‘zbekistonda, bir qismini esa yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtida tashkil etish imkonini beradi. Bu xarajatlarni qisqartirish, qamrovni kengaytirish va ayni paytda xalqaro standartlarni milliy ta’lim tizimiga tatbiq etish imkoniyatini yaratadi.
Shunday qilib, xorijda ta’lim olish davlatni modernizatsiya qilish vositalaridan biriga aylanmoqda.
— Bu yil stipendiya tanlovlarida qanday yangilik va o‘zgarishlar joriy etilishi rejalashtirilgan?
— Asosiy tamoyillar o‘zgarmaydi: ochiqlik, shaffoflik, xolislik va ishtirokchilar uchun teng sharoitlar. Biroq saralash falsafasining o‘zi o‘zgarmoqda. Yuqori akademik natijalar, chet tilini bilish va nufuzli universitetga o‘qishga kirish hamon katta ahamiyatga ega. Lekin endi buning o‘zi yetarli emas.
Tanlangan mutaxassislik mamlakatning ustuvor yo‘nalishlariga qay darajada mos kelishi, nomzod o‘qishdan qaytgach qanday muammoni hal qila olishi hamda uning ta’limi iqtisodiyot va davlat boshqaruvining uzoq muddatli vazifalari bilan qanchalik bog‘liqligiga borgan sari ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Boshqacha aytganda, tanlov nafaqat akademik, balki strategik ahamiyat kasb etyapti.
Bunda raqamlashtirish muhim o‘rin tutadi. Stipendiatning hujjat topshirishdan tortib, ishga joylashish va kelgusidagi martaba o‘sishigacha bo‘lgan butun yo‘lini qamrab oluvchi yagona platforma yaratildi. U OneID, Yagona milliy mehnat tizimi va boshqa davlat axborot resurslari bilan integratsiyalashgan.
Tizimda hozirga qadar bir yarim mingga yaqin stipendiatning ma’lumotlari raqamlashtirildi. Transformatsiya natijalari sifat ko‘rsatkichlarida ham sezilmoqda. Dunyoning top-100 taligiga kiruvchi universitetlarda tahsil olayotgan stipendiatlar ulushi 30 foizdan 80 foizga oshdi.
Bu shunchaki obro‘ ko‘rsatkichi emas. Bu saralash darajasi, ta’lim trayektoriyalari sifati va byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi o‘zgarganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, stipendiatlarning 83 foizi STEM yo‘nalishlari va yuqori texnologiyali sohalarga yuborilmoqda. Yoshlar ilk bor biokimyo, sun’iy intellekt, astrofizika, aviatsiya, kosmik muhandislik, biotexnologiya va robototexnika kabi mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim ola boshladi.
Yangi tizim endi nafaqat “kim stipendiyaga loyiq?” degan savolga, balki bundan-da murakkabroq bo‘lgan “besh, o‘n yoki o‘n besh yildan so‘ng O‘zbekistonga qanday mutaxassis kerak bo‘ladi?” degan savolga ham javob berishi kerak.

— Yaqinda davlatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvida jamg‘arma faoliyatiga oid qanday topshiriqlar berildi?
— Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashuvda jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Stipendiya dasturlari bevosita hududlar va tarmoqlarning ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lishi kerakligiga asosiy urg‘u berildi. Yangi model aniq vazifalar uchun kadrlarni maqsadli tayyorlashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, yirik korxonalar bilan birgalikda ta’limni moliyalashtirishni kengaytirish taklif etildi. Bunday mexanizm biznesning kadrlar siyosatida bevosita ishtirok etishiga imkon beradi.
Bunda korxona bitiruvchini shunchaki ishga qabul qilibgina qolmay, balki mutaxassislikni belgilash, nomzodni tanlash va uning ta’limini moliyalashtirishda oldindan ishtirok etadi.
Bu muhim siyosiy-iqtisodiy ishoradir: inson kapitalini rivojlantirish davlat va xususiy sektorning umumiy mas’uliyatiga aylanishi kerak.
Shuningdek, yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlarni kengaytirish ko‘rib chiqilmoqda. Bu kelajakda nafaqat davlat mablag‘larini tejash, balki O‘zbekistonda yangi ta’lim markazlari va malaka maktablarini shakllantirishga ham imkon beradi.
Topshiriqlarning alohida bir bloki jamg‘arma bitiruvchilari bilan bog‘liqdir. Ularning tadqiqotlari, startaplari va islohotlarga qaratilgan tashabbuslarini kichik grantlar tizimi orqali qo‘llab-quvvatlash taklif etilmoqda.
— Xorijda ta’lim olgan iqtidorli yoshlarni mamlakat taraqqiyotiga kengroq jalb etish bo‘yicha qanday mexanizmlar ishlab chiqilmoqda?
— Bu yangi kadrlar siyosatining asosiy masalalaridan biridir. Yetakchi universitetda tahsil olishning o‘zi davlat uchun natijani kafolatlamaydi. Haqiqiy samara bitiruvchi o‘z bilimini muayyan sohada, ilmiy loyihada, davlat organida yoki texnologik kompaniyada qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lgandagina yuzaga keladi. Shu bois jamg‘arma ularni uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘ymoqda.
Gap stipendiatlar bilan doimiy muloqot qilish, ularning akademik natijalarini kuzatib borish, stajirovkalarni tashkil etish va o‘qishni tamomlashdan avvalroq martaba yo‘nalishlarini shakllantirish haqida bormoqda. Vatanga qaytgach, bitiruvchilar vazirliklar, idoralar, tadqiqot markazlari, oliy o‘quv yurtlari, xususiy kompaniyalar va innovatsion tuzilmalar ishiga jalb qilinishi lozim.
Bitiruvchilar hamjamiyatini shakllantirish alohida ahamiyatga ega. Siyosiy ma’noda bu xalqaro tajriba va zamonaviy boshqaruv kompetensiyalariga ega insonlarni birlashtiruvchi yangi kasbiy tarmoqqa aylanishi mumkin.
Bunday hamjamiyat bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajarishi mumkin: yangi g‘oyalar manbai, kadrlar zaxirasi, ekspertlar maydoni hamda xalqaro kasbiy aloqalar kanali bo‘lib xizmat qiladi.

Bitiruvchilar uchun kichik grantlar ajratish istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Bunda suv, energetika, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash va raqamlashtirish sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutiladi. Bu stipendiatning maqomini tubdan o‘zgartiradi. U shunchaki davlat ko‘magini oluvchi shaxs emas, balki islohotlar va innovatsion yechimlarning potensial muallifiga aylanadi.
— Xorijda o‘qishni tamomlab kelgan yoshlarni ish bilan ta’minlash va ularning davlat tashkilotlari bilan hamkorligi qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
— 2025–2026-yillar davomida yangi talablar asosida o‘tkazilgan uchta tanlov yakunlariga ko‘ra 447 nafar yoshlar stipendiya sohibiga aylandi. Ulardan 332 nafari bakalavriatga, 100 nafari magistraturaga va 15 nafari doktoranturaga yuborildi.
Bunda asosiy e’tibor kadrlar tayyorlashning soniga emas, balki sifatiga qaratilmoqda. Dunyoning Top-100 ta universiteti hissasiga to‘g‘ri keladigan talabalar ulushi 80 foizga yetdi. Bu jamg‘arma transformatsiyasining asosiy natijalaridan biridir.
Shu bilan birga, xalqaro hamkorlik ham kengaymoqda. Jamg‘arma 73 ta xorijiy ta’lim tashkiloti bilan kelishuvlarga erishdi. O‘qish uchun olingan 20 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan chegirmalar byudjet mablag‘larini sezilarli darajada tejash imkonini berdi.
Biroq samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichi o‘qish narxi yoki universitetning reytingdagi o‘rni emas, balki bitiruvchining kasbiy natijasidir. Aynan shuning uchun yangi tizim ish beruvchining o‘qish boshlanishidan avvalroq jarayonga qo‘shilishini nazarda tutadi.
Davlat organi, hudud, tarmoq yoki korxonalar kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi, tanlovda va zarur bo‘lsa, hamkorlikda moliyalashtirishda ishtirok etadi, so‘ngra mutaxassis qaytib kelgach, uni ishga qabul qiladi. Bunday model olingan ta’lim bilan mehnat bozoridagi real talab o‘rtasidagi tafovut xavfini kamaytiradi.
Mohiyatan, jamg‘arma stipendiya operatori mantig‘idan asta-sekin milliy kadrlar siyosati instituti roliga o‘tmoqda. Ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning asosiy siyosiy mazmuni ham ana shunda.
O‘zbekiston iqtidorli yoshlarni shunchaki dunyoning eng yaxshi universitetlariga yuborish bilangina cheklanib qolishni istamaydi. Vazifa – islohotlar tizimi ichida ishlay oladigan, davlat institutlarini kuchaytiradigan, iqtisodiyotni rivojlantiradigan va mamlakat uchun o‘z yechimlarini yarata oladigan yangi avlod professionallarini shakllantirishdan iborat.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.