Toshkentda zamonaviy sanoat texnologiyalari namoyishi boshlandi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizda 20–22-aprel kunlari oltinchi bor o‘tkazilayotgan «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Hududning nufuzli sanoat maydonlaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan mazkur yirik tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Turkiya, Xitoy hamda boshqa davlatlardan davlat idoralari vakillari, investorlar, yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalar rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etmoqda.
[gallery-28848]
Joriy yilgi ko‘rgazma sanoatning turli tarmoqlari uchun mo‘ljallangan zamonaviy texnologiya va innovatsion ishlanmalarning keng qamrovi bilan ajralib turadi. Unda shahar muhiti va transport tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan yechimlardan tortib, yuqori texnologik sanoat uskunalari, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish hamda raqamlashtirishga oid ilg‘or ishlanmalar namoyish etilmoqda.
Xususan, tashrif buyuruvchilar muhandislik infratuzilmasini nazorat qilishning intellektual tizimlari, zamonaviy avtomobillar, vertolyotlar va tezyurar poyezdlar modellari, uchuvchisiz uchish apparatlari, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlovchi ta’lim dronlari, sanoatda qo‘llaniladigan robotlashtirilgan texnikalar, ishlab chiqarish liniyalari uchun mashinaviy ko‘rish tizimiga asoslangan raqamli platformalar, binolarni avtonom energiya bilan ta’minlash yechimlari va boshqa ko‘plab innovatsion mahsulotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Mazkur ko‘rgazma sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni vazifasini o‘tamoqda.
Sarvar O‘RMONOV(surat),O‘zA