Toshkentda yangi qurilishlar faqat kompleks tamoyil asosida amalga oshiriladi
Poytaxtda endilikda barcha yirik qurilish loyihalari kompleks yondashuv asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, faqat ko‘kalamzorlashtirish, muhandislik-kommunal tarmoqlar, ijtimoiy infratuzilma, yo‘llar va avtoturargohlar bilan ta’minlangan loyihalarga ruxsat beriladi.
Bu talab Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida kompleks qurilish tamoyili asosida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yashil hududlarni barpo etish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Hujjatga muvofiq, poytaxtda 1,5 ming gektar maydonda 30 ta yirik ko‘chmas mulk loyihasi amalga oshiriladi. Ularning umumiy qiymati 14,5 milliard dollarga baholangan. Mazkur majmualar ro‘yxati hukumat qarori bilan tasdiqlangan.
Ro‘yxatga kiritilgan loyihalar, jumladan, renovatsiya qilinishi rejalashtirilgan mavzelarda qurilish olib boriladigan hududlarning kamida 30 foizi yashil maydonlardan iborat bo‘lishi shart. Shuningdek, shaharda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlar — takroriy (“tochechnaya zastroyka”) amaliyotidan voz kechish belgilandi.
Ushbu yondashuv shaharsozlikda tizimlilikni ta’minlash, transport va muhandislik tarmoqlariga tushadigan yuklamani kamaytirish, aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Qarorga ko‘ra, tanlangan hududlardagi qurilishlardan tushadigan infratuzilma to‘lovlari va boshqa ajratmalar hisobidan 9 ta hududda yangi jamoat parklari barpo etiladi. Ularni "Toshkent Invest" kompaniyasi amalga oshiradi. Umumiy maydoni 139,6 gektarni tashkil etadigan mazkur yashil hududlar poytaxtning ekologik barqarorligini ta’minlash va aholining dam olish sharoitini yaxshilashga qaratilgan. Shahar miqyosida ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish orqali havo sifatini yaxshilash va «issiqlik oroli» ta’sirini kamaytirish maqsad qilingan.
Shuningdek, Yangihayot tumani Xo‘ja Uchqun va Yangi Gulzor mahallalari hududida 799 gektar maydonda, umumiy qiymati 1 milliard 670 million dollar bo‘lgan «Yangi avlod» sanoat zonasi barpo etiladi. Loyiha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarini joylashtirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutadi.
Tahlilchilarning baholashicha, mazkur sanoat zonasi poytaxt iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shaharsozlikda kompleks tamoyilni joriy etish poytaxtda betartib qurilishlardan voz kechish, infratuzilmani oldindan rejalashtirish va yashash muhitini yaxshilashga qaratilgan strategik qadam sifatida baholanmoqda.
Endilikda qurilish loyihalari faqat turar joy binolarini barpo etish bilan cheklanib qolmaydi. Ular ijtimoiy ob’ektlar, maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, yo‘l va muhandislik tarmoqlari bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi talab etiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA