AQSH mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlandi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida yurtimizda tashrif bilan bo‘lib turgan AQSH Davlat kotibining jamoat diplomatiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Sara Rojers ishtirokida “Freedom 250” roud-shousi o‘tkazildi.
“Freedom 250” 1776-yilda qabul qilingan AQSH mustaqillik deklaratsiyasi (United States Declaration of Independence)ning 250 yilligiga bag‘ishlangan loyiha bo‘lib, tarixiy sana bilan birga AQSHning zamonaviy ta’lim, madaniyat va xalqaro hamkorlik dasturlarini ham namoyish qilishga qaratilgan. Ayni payda ushbu loyiha AQSH elchixonalari tomonidan dunyoning turli davlatlarida tashkil etilmoqda.
[gallery-29772]
Samarqanddagi tadbirda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan Amerika kompaniyalari va ushbu davlat bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma korxonalar, oliy ta’lim muassasalari o‘z ko‘rgazma va taqdimotlari bilan qatnashdi.
AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Sara Rojers, ushbu davlatning mamlakatimizdagi elchisi Jonatan Xenik tadbirga kelgan mehmonlarga minnatdorlik bildirib, Qo‘shma shtatlarning 250 yillik tarixi, bu davrda nafaqat mamlakatda erishilgan natijalar, balki dunyoda Amerikaning tutgan o‘rni, davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalari haqida so‘z yuritdi. AQSH tarixi va buguni bilan bog‘liq viktorina o‘tkazilib, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Roud-shou doirasida ta’lim va ingliz tili bo‘yicha seminarlar, AQSHda o‘qish imkoniyatlari haqida taqdimotlar, madaniy dasturlar namoyish etildi.
AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Sara Rojers Samarqandga tashrifi doirasida qadimiy shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlar bilan ham yaqindan tanishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari