Toshkentda venchur forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida startap ekotizimi va investitsiya hamkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan Markaziy Yevroosiyo venchur forumi bo‘lib o‘tdi.
Ilk bor O‘zbekistonda tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda Markaziy Osiyo, Yevropa, AQSH, Janubi-Sharqiy Osiyo va MENA davlatlaridan kelgan 800 ga yaqin investorlar, tadbirkorlar va texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Forumni raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatda startaplar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va sohaning istiqbolli yo‘nalishlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng IT Park bosh direktori Azamat Karamatov so‘zga chiqib, innovatsion ekotizimni rivojlantirish, rezidentlar uchun imkoniyatlar yaratish va xorijiy investorlarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Forum MOST Holding va IT Park Uzbekistan tomonidan, Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etildi. Tadbir doirasida “Markaziy Osiyoda startaplar va venchur kapitali 2026” hisoboti taqdim etildi, bir qator xalqaro memorandumlar va kelishuvlar imzolandi hamda Investment Readiness Accelerator (IRA) Tashkent dasturi ishga tushirildi.
Shuningdek, forum yakunida CEVF Awards mukofotlari topshirildi. Unda eng yaxshi venchur fondi sifatida - Aloqa Ventures (O‘zbekiston), yil kashfiyoti sifatida - MoonAI startapi e’tirof etildi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan Star Venture dasturining birinchi Markaziy Osiyo kogortasiga kirgan 13 ta startap e’lon qilindi. Ularning 7 tasi O‘zbekistondan bo‘lib, ular biznes rivoji, mentorlik va investitsiya jalb qilish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanadi.
Markaziy Yevroosiyo venchur forumi mintaqada innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiya muhitini mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida o‘z ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA