Toshkentda tibbiy ta’lim bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Poytaxtimizda sog‘liqni saqlash sohasida simulyatsion ta’limni rivojlantirishga bag‘ishlangan “SIMULCON 2026” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rahbariyati, xorijiy va mahalliy ekspertlar, soha mutaxassislari hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida tibbiy ta’limda zamonaviy simulyatsion texnologiyalarni joriy etish, klinik ko‘nikmalarni shakllantirish va xalqaro tajriba almashishga qaratilgan ma’ruzalar hamda amaliy sessiyalar tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Xalqaro tibbiy ta’lim va tadqiqotlarni rivojlantirish jamg‘armasi direktori (AQSH) Lyuba Konopasek universitetda simulyatsion ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarni alohida e’tirof etdi va kelgusidagi hamkorlik istiqbollariga to‘xtaldi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Shuhrat Boymuradov sog‘liqni saqlash sohasida simulyatsion ta’limni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Society for Healthcare Simulation” (SHS) xalqaro tashkilotining “Honorary Membership” — Faxriy a’zolik unvoni bilan taqdirlandi. Mazkur nufuzli e’tirof universitetda tibbiyot ta’limini modernizatsiya qilish borasidagi islohotlarning xalqaro darajadagi e’tirofi bo‘ldi.
Uch kun davom etgan ushbu “SIMULCON 2026” konferensiyasi mamlakatimizda tibbiyot ta’limi sifatini oshirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA