Kasbiy qayta tayyorlash kursi bitiruvchilariga sertifikat topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining Kasbiy qayta tayyorlash kursi bitiruvchilariga tantanali sertifikat topshirish rasmiy marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Sudyalar oliy kengashi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar assotsiatsiyasi, boshqa bir qator tashkilotlardan mas’ullar, bitiruvchilar, ota-onalar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda faxriy mehmonlar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq sud tizimida yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etildi. Farmonga muvofiq, sud-huquq tizimi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimi mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.
Akademiyada 2025/2026 o‘quv yili uchun sudyalik lavozimlariga nomzodlar tayyorlash maqsadida Kasbiy qayta tayyorlash kursi yo‘lga qo‘yildi.

Tanlov natijasiga ko‘ra, 1 ming 16 nafar talabgordan 160 nafar tinglovchi kursga qabul qilindi. Ular jinoyat, fuqarolik, iqtisodiyot va ma’muriy huquq ixtisosliklari bo‘yicha tayyorlandi. Shuningdek, qo‘shimcha kvotalar asosida viloyatlardan va xotin-qizlardan tinglovchilar jalb qilindi.
Kurs yakunida tinglovchilarning nazariy va amaliy bilimlarini sinash maqsadida mutaxassislik va nomutaxassislik fanlaridan yakuniy sinovlar o‘tkazildi. Ushbu kurs nafaqat sud tizimi, balki butun jamiyat uchun adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim qadam sifatida baholandi.

Marosim davomida yangi avlod sudyalarini tayyorlashga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Bitiruvchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, akademiya rektori va professor-o‘qituvchilar tomonidan bitiruvchilarga tabrik va tilaklar bildirildi.
Akademiya qadriyatlarini o‘zida aks ettirgan, tinglovchilar tomonidan ijro etilgan Akademiya madhiyasining rasmiy taqdimot marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Bitiruvchilar tomonidan Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilariga tilaklar yozilgan esdalik kitobi topshirildi.
N.Abduraimova,
A.Alijonov (surat), O‘zA