Toshkentda taekvondo WT bo‘yicha XV Jahon chempionati boshlandi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”dagi yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan muhtasham majmuada taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati boshlandi.
Mazkur nufuzli chempionatda 115 ta mamlakatdan kelgan 986 nafar taekvondochi 20 ta vazn toifasida raqobatlashadi. Musobaqaning ilk kungi bellashuvlarida 3 nafar vakilimiz o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Jumladan, +78 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda Alisher Pak ilk jangini AQSH terma jamoasi a’zosi Otto Kirsxbaumga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bellashuv 1/16 final bosqichi doirasida bo‘lib o‘tadi. Viktoriya Denisenko esa -59 kg vaznda ispaniyalik Koning El Xarche hamda Benin vakili Selena Linde o‘rtasidagi bahs g‘olibiga qarshi to‘qnash keladi. Shuningdek, Komila Sultonova -46 kg vazn toifasida Shvetsiya vakili Emma Kelts hamda Trinidad va Tobago terma jamoasi a’zosi Nasim Mahmudiy o‘rtasidagi jang g‘olibiga qarshi bellashuvlarni boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida quyidagi sportchilarimiz jahon chempionatida ishtirok etadi:

Yigitlar:
-45 kg: Shohjahon Xolmurodov
-48 kg: Yosinbek Odilov
-51 kg: Asadbek Samandarov
-55 kg: Azizbek Sattorov
-59 kg: Azizbek Murodov
-63 kg: Omadbek Otabekov
-68 kg: Ayubxon Nabiyev
-73 kg: Axadjon Muxtorov
-78 kg: Ozodbek Risbekov
+78 kg: Alisher Pak

Qizlar:
-42 kg: Zuhra Izmailboyeva
-44 kg: Samira Hayitova
-46 kg: Komila Sultonova
-49 kg: Farangis Mahkamboyeva
-52 kg: Nozimaxon Abdujabborova
-55 kg: Rushanaxon Ravshanova
-59 kg: Viktoriya Denisenko
-63 kg: Mohidil O‘ktamjonova
-68 kg: Nilufar Sapayeva
+68 kg: Sitora Asrorova
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA