Toshkentda pora bilan ushlangan bosh mutaxassis qochmoqchi bo‘ldi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda korrupsion holat fosh etildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bosh mutaxassisi Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, undan 1500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Qo‘lga olish jarayonida u qochishga uringan, biroq tezkor xodimlar tomonidan ushlab qolingan.
Aniqlanishicha, bosh mutaxassis Yunusobod tumanidagi 6 ta uyga xizmat ko‘rsatishni bir MCHJdan ikkinchi MCHJga o‘tkazish haqidagi uy-joy mulkdorlari imzolagan dalolatnomalarni billing tizimining “Mening uyim” platformasidan ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 2200 AQSH dollari talab qilgan va bu ishlarni o‘zining mansabdor tanishlari orqali hal qilib berishni rejalashtirgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatma: bunday qing‘ir ishlar ortida doimo bitta yakun bor — jinoiy javobgarlik va qamoq.
Har qanday noqonuniy yo‘l bilan pul topishga urinish oxirida erkinlikdan mahrum qilish bilan tugaydi. Qonunni chetlab o‘tish emas, unga rioya qilish — eng to‘g‘ri yo‘l.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.