Toshkentda dunyo olimlari Temuriylar tamadduni mavzusini muhokama qilmoqda
Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va Temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya ish boshladi.
Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur anjuman xalqaro ilmiy muloqot uchun muhim maydon sifatida namoyon bo‘ldi. Tadbirda 20 ga yaqin mamlakatdan 300 nafarga yaqin olim, ekspert, diplomat, shuningdek jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
[gallery-28655]
Konferensiyaning ochilish marosimida ma’ruzachilar Amir Temur va Temuriylar davrining davlatchilik an’anasi, diplomatiyasi, harbiy san’ati hamda ilm-fan va madaniyat taraqqiyotidagi o‘rnini yakdil e’tirof etdilar. Ayniqsa, o‘sha davrning Sharq Renessansi shakllanishidagi ahamiyati, jahon sivilizatsiyasiga ko‘rsatgan ta’siriga alohida e’tibor qaratildi.
Yalpi majlis va sho‘’ba yig‘ilishlarida davlat boshqaruvi va diplomatiya, harbiy strategiya, me’morchilik va shaharsozlik, ilm-fan va ta’lim rivoji kabi yo‘nalishlarda ilmiy ma’ruzalar taqdim etilmoqda. Mutaxassislar Temuriylar davri merosini zamonaviy ilmiy yondashuv asosida o‘rganish masalasini ham muhokama qilmoqda.
[gallery-28656]
Ishtirokchilar uchun Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishuv, mavzuli ko‘rgazmalar hamda madaniy dasturlar tayyorlangan. Umuman, sermazmun dastur tadbirni ilmiy jihatdan boyitish barobarida,mehmonlarga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.
Konferensiya yakunida muhim ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilib, Temuriylar merosini chuqur o‘rganish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslar ilgari surilishi kutilyapti.
Dilshod Hakimov,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA