“Soliq hamkor” orqali 44 mingga yaqin qonunbuzarlik fosh etildi
Mamlakatimizda soliq tizimini raqamlashtirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan choralar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, “Soliq” mobil ilovasidagi “Soliq hamkor” tizimi orqali fuqarolar tomonidan yuborilayotgan murojaatlar soni tobora ortib bormoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida soliq huquqbuzarliklari yuzasidan jami 43 799 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning asosiy qismi xarid cheki bermaslik holatlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, bunday murojaatlar soni 35 839 tani tashkil etgan. Shuningdek, 1 494 ta holatda tadbirkorlar to‘lovni plastik karta orqali qabul qilishdan bosh tortgan. 90 ta holatda plastik karta orqali to‘lov qilinganda mahsulot yoki xizmat narxi sun’iy ravishda oshirilgan.
6 376 ta murojaat esa boshqa turdagi soliq huquqbuzarliklari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, kelib tushgan murojaatlarning 12 021 tasi takroriy bo‘lgani yoki ayni paytda ushbu tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruv jarayoni davom etayotgani sababli ko‘rib chiqilmagan.
Fuqarolar murojaatlari asosida 27 681 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan. E’tiborlisi, tekshiruvlarning 99,4 foizida huquqbuzarlik holatlari o‘z tasdig‘ini topgan.
Shu bilan birga, qonunbuzarliklar haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmi ham samarali ishlamoqda. Xususan, 18 524 ta holat bo‘yicha undirilgan jarima mablag‘ining 20 foizi hisobidan fuqarolarga qariyb 12 milliard so‘m mukofot puli to‘lab berilgan.
Bunday raqamli nazorat mexanizmlari soliq intizomini mustahkamlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, jamoatchilik ishtirokining ortishi tadbirkorlik sub’ektlarining mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA