Toshkent viloyatidagi ilg‘or loyihalar o‘rganildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari o‘zaro tajriba almashish maqsadida Toshkent viloyatida bo‘lib, amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Safarning dastlabki manzili Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq darvozasi bo‘ldi. Mehmonlar hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilma yechimlari hamda turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi. Hududning tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish va zamonaviy ob’ektlarni barpo etish borasidagi tajribalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Keyingi manzil hududdagi zamonaviy rekreatsion maskan – “Ugam River” markazi bo‘ldi. Tog‘lar bag‘rida, Ugam daryosining shovullab oqayotgan sohilida joylashgan ushbu maskan mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Markazda yaratilgan qulay sharoitlar, mehmonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Dengiz sathidan 950 metr balandlikda joylashgan "Ugam River" bugungi kunda nafaqat mahalliy aholi, balki mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun ham jozibador maskanga aylanib bormoqda. Shuningdek, rahbarlar “Chimyon” turistik majmuasi hududida joylashgan “Za’faron” mehmonxonasi faoliyati, mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati bilan qiziqishdi.
Tashrif dasturi doirasida hududlar rahbarlari Chirchiq shahrida faoliyat yuritayotgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki bilan ham tanishdi.

Dastavval, mehmonlarga texnopark faoliyati hamda kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti namoyish etildi. Unda hududda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari termoplastik elastomer granulalar va ulardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “NovoPlast TPE” korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida import o‘rnini bosuvchi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Rahbarlar “Zanjir dunyosi” taqinchoqlar ko‘rgazmasida ham bo‘lib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari, ularning sifati va dizayn yechimlarini ko‘zdan kechirdi. Ta’kidlanganidek, texnopark hududida amalga oshirilayotgan loyihalar sanoatni diversifikatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A. Musayev, O‘zA