O‘rmon yong‘inlarining oldini olish bo‘yicha mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi
Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va tezkor xizmatlarning hamkorlikdagi harakatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mashg‘ulot Favqulodda vaziyatlar vazirligining Surxondaryo viloyati va Boysun tumani tuzilmalari, tuman ichki ishlar, Milliy gvardiya bo‘limlari, “Tez tibbiy yordam” xizmati, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi xodimlari hamkorligida tashkil etildi.


Sayyoramizda iqlim o‘zgarishi tog‘li hududlarda ham yoz mavsumida havo haroratining kutilmaganda keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Maxsus taktik-o‘quv mashg‘uloti issiq mavsumda quruq ob-havo va inson omili ta’sirida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘rmon yong‘inlarining oldini olish, bunday vaziyatlarda mas’ul tashkilotlarning tezkor harakatini muvofiqlashtirish ko‘nikmalarini hamda mavjud kuch va vositalarning shayligini sinovdan o‘tkazdi.

Mashg‘ulotlar chog‘ida o‘rmonlarda yong‘inlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarilib, shartli ravishda yuzaga kelgan yong‘in holatini bartaraf etish jarayonlari namoyish etildi. Unda yong‘in o‘chirish texnikalari, maxsus vositalar va tezkor xizmatlar amalga oshiradigan hamkorlikdagi harakatlar amaliy sinovdan o‘tkazildi. Favqulodda vaziyat yuzaga kelganda xodimlarning aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, hududni nazoratga olish va sanitariya xavfsizligini ta’minlash ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Surxondaryo viloyati o‘rmonzorlari cho‘l, tog‘ va to‘qay ekotizimlarini qamrab olgan boy o‘simlik dunyosiga ega. Bepoyon igna bargli daraxtzorlar, pistazor hamda hududga xos boshqa noyob va dorivor o‘simlik turlari bilan qoplangan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri