Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yoshlar ishlari agentligi direktori Yangiyo‘l shahridagi kutubxonada yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida talaba-yoshlar tomonidan taklif va murojaatlar bildirildi. Xususan, ilgari surilgan tashabbuslarning 5 tasi startap va raqamlashtirish, shuningdek, ta’lim, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni o‘z ichiga oldi. Barcha taklif va murojaatlar atroflicha muhokama qilinib, ularni amaliyotga tatbiq etish hamda belgilangan tartibda hal etish maqsadida mas’ul tashkilot va mutasaddilar biriktirildi.

Shuningdek, Chinoz tumanida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar faoliyati ham o‘rganildi. Muloqot davomida yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish jarayonida erishayotgan natijalari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlaridagi faoliyati, mavjud imkoniyatlardan foydalanish darajasi hamda uchrayotgan muammolar o‘rganildi.
***
Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosining seysmik barqarorligini aniqlash hamda konstruktiv yechimlarning ishonchliligini baholash maqsadida maxsus uskunalar yordamida 8 ballik sun’iy tebranish sinovlari o‘tkazildi.

Mazkur sinovlar Toshkent viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshirildi.
***
Toshkent viloyatida jamoatchilik harakat xavfsizligiga rioya etishga chaqirildi. "Adolat" SDP tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport vazirligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan "Yo‘l madaniyati – xavfsiz hayot kafolati" umumrespublika targ‘ibot aksiyasi doirasida Oqqo‘rg‘on va Piskent tumanlarida keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.

Tadbirlar davomida aholi gavjum hududlarda haydovchilar, piyodalar va yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilib, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilish, xavfsizlik kamaridan muntazam foydalanish, piyodalar o‘tish joylaridan to‘g‘ri foydalanish hamda harakat ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hurmat va mas’uliyat madaniyatini shakllantirish yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri