Surxondaryoda «Mustaqillik to‘yi» festivali davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida o‘tkazilayotgan «Mustaqillik to‘yi» festivali Surxondaryo viloyatida ham keng qamrovda davom etmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda «Ma’rifat» targ‘ibotchilari jamiyati hamkorligida tashkil etilgan festival xalqimiz birdamligi, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, mustaqillik qadriyatlarini ulug‘lash, milliy an’analar va ma’naviy merosni targ‘ib etishga qaratilgan.
Festivalning viloyatdagi tadbirlari Sariosiyo tumanida boshlandi. Ishtirokchilar Sariosiyo tumani aeroportidan Alisher Navoiy mahallasigacha «Mustaqillik marshi»da qatnashdi. Viloyatning barcha tuman va shaharlarida turli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
[gallery-30746]
Festival dasturidan o‘rin olgan «Shijoat» loyihasi doirasida harbiy qismlarda yoshlar uchun uchrashuvlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, ularda vatanparvarlik, intizom, mas’uliyat va fidoyilik fazilatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, «Millat fidoyilari» loyihasi orqali yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan insonlarning hayot yo‘li va ibratli faoliyati yosh avlodga tanishtirilmoqda. Bunday uchrashuvlar yoshlarda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Festival doirasida Uzun tumanidagi «Janub gavhari» sog‘lomlashtirish oromgohida «Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari» tadbiri ham tashkil etildi. Unda bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi, ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan dasturlar namoyish etildi.
«Mustaqillik to‘yi» festivali doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida milliy birlik, vatanparvarlik va mustaqillik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA