Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish va profilaktika masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Bojxona qo‘mitasi, viloyat prokuraturasi va IIBB mas’ul xodimlari ishtirokidagi muloqotda ashyolarni to‘g‘ri qayd etish va saqlash, shuningdek, profilaktika va korrupsiyaning oldini olish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida boshqarma tasarrufidagi tarkibiy tuzilmalar tomonidan 1 ming 265 ta holatda 34 milliard 390,8 million so‘mlik noqonuniy tovarlar ushlab qolingan. Shu bilan birga, 36 ta holatda 187 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari va 732 dona psixotrop moddalar, 2,7 million qutidan ortiq tamaki mahsulotlari olib kirish fosh etildi.
Yig‘ilishda huquqbuzarliklar profilaktikasi va xodimlar o‘rtasida o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashish kerakligi aytildi.


***
Aholi daromadlarini oshirish maqsadida suvsiz sharoitda parvarishlanadigan o‘rdaklar olib kelindi. Jumladan, Quyi Chirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida ijtimoiy reyestrga kiritilgan ishsiz oilalarni amaliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir xonadon 50 tadan o‘rdak bilan bepul ta’minlandi.
Mazkur loyiha viloyat hokimi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Ushbu o‘rdak turi Tataristondan olib kelingan bo‘lib, o‘rtacha 42 kun ichida yetilib, 2-2,2 kilogrammgacha go‘sht beradi. Shuningdek, tuxum mahsuldorligi ham yuqori. Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur turdan olinadigan daromad mahalliy o‘rdaklarga nisbatan qariyb 2 barobar yuqori bo‘ladi. Loyihaning asosiy maqsadi ham aholi daromadlarini oshirish hamda o‘rdakning ushbu turini viloyatda keng ommalashtirishdir.


***
Yangiyo‘l shahar, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlaridan umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari hamda texnikum talabalari ishtirokida “Chirchiq dala-o‘quv poligoni”da amaliy o‘q otish mashg‘uloti o‘tkazildi.
Maqsad yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatan himoyasiga tayyorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, xavfsizlik va intizom qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirishga qaratildi. Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan o‘q otish qurollaridan xavfsiz foydalanish, nishonga aniq otish usullari hamda harbiy tayyorgarlikning muhim jihatlari haqida tushunchalar berildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilarga amaliy mashqlar orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.


A.Musayev,O‘zA.