Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ishlar tahlil etildi
Navoiy viloyatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hududiy boshqarmasida jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Muloqotda qo‘mita raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev so‘zga chiqib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, tadbirda hududiy boshqarma faoliyati yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi. Qayd etilishicha, 2025-yil davomida boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslardan 1800 dan ortiq, 2026-yilning birinchi choragida esa 500 dan ziyod murojaat kelib tushgan. O‘rganishlar natijasida 2025-yilda 35 milliard so‘m, joriy yilning hisobot davrida esa qariyb 10 milliard so‘m mablag‘ iste’molchilar va tadbirkorlar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.

– 2025-yilda davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan 700 ga yaqin tender savdolarida raqobatga zid holatlar aniqlangan, – deydi hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Mamazarif Elmurodov. – Shundan 342 tasi bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot taqdim etilgan, 328 ta holat yuzasidan esa 45 ta ish qo‘zg‘atilgan. 2026-yilning birinchi choragida esa 426 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ularning 406 tasi bo‘yicha tegishli organlarga ma’lumot kiritilgan va 20 ta holat bo‘yicha 7 ta ish qo‘zg‘atilgan. Shu bilan birga, tender savdolarida aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 60 ga yaqin mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Tovar-xom ashyo birja savdolarida yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni realizatsiya qilish jarayonlari o‘rganilib, 2026-yilning birinchi choragida 3 ta sub’ektga nisbatan raqobat qonunchiligi buzilishi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, tashqi reklama ob’ektlari yuzasidan 400 dan ortiq monitoring o‘tkazilib, 50 ga yaqin kamchilik bartaraf etilgan. 12 ta sub’ektga nisbatan esa ish qo‘zg‘atilib, tegishli choralar ko‘rilgan.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilardan murojaat va takliflar qabul qilindi hamda barcha savollarga batafsil javob berildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri