O‘zbekistonda naqd chet el valyutasini pasportsiz sotib olish limiti oshirilishi mumkin
O‘zbekiston Markaziy banki naqd chet el valyutasini shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz sotib olish limitini oshirishni taklif qildi. Bu haqda regulyator tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qaror loyihasida ma’lum qilindi.
Loyihaga ko‘ra, amaldagi 100 AQSH dollari miqdoridagi limitni 500 AQSH dollarigacha oshirish rejalashtirilmoqda. Mazkur o‘zgarish amalga oshirilsa, 500 dollar ekvivalentigacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini sotib olishda pasport taqdim etish talab etilmasligi mumkin.
Shu bilan birga, mijozlarni tegishli tartibda tekshirish choralari saqlanib qoladi. Ular mijoz shaxsini identifikatsiya qilish va tasdiqlash, uning nomidan harakat qilayotgan shaxsning vakolatlarini tekshirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, banklar benefitsiar mulkdorni aniqlashi, operatsiyalarning maqsadi va xususiyatini o‘rganishi hamda zarur hollarda mablag‘lar manbasini monitoring qilib borishi shart.
Qaror loyihasida bank hisobvarag‘ini ochmasdan amalga oshiriladigan operatsiyalar bo‘yicha tekshiruv chegaralarini ham o‘zgartirish nazarda tutilgan. Hozirda bunday tekshiruvlar bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan yuqori summada (taxminan 206 mln so‘m) amalga oshiriladi. Loyihada mazkur chegarani 175 million so‘m miqdorida qat’iy belgilash taklif etilmoqda.
Markaziy bankning tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, ushbu o‘zgarishlar aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan. Shuningdek, tegishli tekshiruv chegaralari FATF — Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ko‘rish guruhining 10-tavsiyasi talablariga muvofiqlashtirilmoqda.
Mazkur tavsiyalarga ko‘ra, bir martalik operatsiyalar bo‘yicha tekshiruv uchun chegara 15 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Ayni paytda amaldagi chegara (taxminan 16,9 ming dollar) ushbu me’yordan yuqori hisoblanadi. Shu munosabat bilan, chegaraviy summani 175 million so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasidan so‘ng yakuniy shaklga keltiriladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA