Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasida joriy yil birinchi choragi yakunlari muhokamasi va kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda boshqarma boshlig‘i O.Bozorov, hay’at a’zolari, boshqarma tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, tuman va shahar bo‘limlari boshliqlari hamda mas’ul xodimlar qatnashdi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan uch oy davomida viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 8,3 trillion so‘mlik ijro hujjatlarining ijrosi ta’minlangan. Shu davr mobaynida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar keskin tanqid qilinib xodimlarning mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, ish samaradorligini oshirish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

***
Toshkent viloyatida 15 aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan Piskent tumanida bayram tadbiri tashkil etildi. Unga sohada uzoq yillar davomida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, bugungi kunda samarali faoliyat yuritib kelayotgan soha vakillari va faollar taklif qilindi.
Bayramda madaniyat yo‘nalishining bir guruh ilg‘or va jonkuyar xodimlari hamda faxriylariga viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi.


***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “S.Najimov” chegara bojxona postida yurtimizga fuqaro boshqaruvida kirib kelgan yuk avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Ko‘rikda, avtoulovning salon qismida haydovchi dam olish uchun mo‘ljallangan o‘rindiq tepasidagi 6 dona qutida va haydovchi o‘rindig‘i ostidagi 4 dona qutida jami 250 dona 12 kalibrli ov patronlari topildi.


Yana bir holatda, “Navoiy” chegara bojxona posti orqali yurtimizga piyoda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Uning sumkasi ichida og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan bir dona “Stalker” rusumli, 4,5 millimetr kalibrli pnevmatik to‘pponcha va unga mo‘ljallangan 18 dona gaz ballonlari borligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA