Toshkent va Ostona: O‘zaro ishonch mustahkamlanmoqda
So‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabati yaxshi qo‘shnichilikdan Markaziy Osiyodagi barqaror strategik sheriklikka aylandi. Bu o‘zgarish nafaqat o‘zaro aloqani mustahkamladi, balki butun mintaqa integratsiyasi yangi manzarasini shakllantirishga xizmat qildi.
Bugun ikki mamlakat Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotining qariyb 80, aholisining 70 foizini tashkil etadi. Demak, Toshkent va Ostona hamkorligi ikki tomonlama munosabat doirasidan chiqib, mintaqa iqtisodiy va siyosiy barqarorligiga ta’sir etuvchi omilga aylangan.
Sheriklikning bugungi darajasi tasodifan shakllangani yo‘q. 1998-yil Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomadan boshlangan jarayon strategik sheriklik, keyin esa ittifoqchilikkacha izchil rivojlandi. 2026-yil holatiga ko‘ra, o‘zaro munosabat 300 dan ziyod hujjat bilan huquqiy jihatdan mustahkamlangan.
Siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev fikricha, ayni hamkorlikning eng muhim xususiyati aynan institutsional asosdir. Oliy davlatlararo kengash tashkil etilishi siyosiy muloqotni doimiy mexanizmga aylantirdi. Endi sheriklik faqat oliy darajadagi uchrashuvlar bilan cheklanmay, geologiya, transchegaraviy suv, noyob metallar va hududlararo aloqalar kabi aniq yo‘nalishlarda ham muvofiqlashtirilmoqda.
Iqtisodiy ko‘rsatkich munosabat sifat jihatidan yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatadi: tovar ayirboshlash 2016-yil 2 milliard dollar atrofida edi, 2025-yil qariyb 5 milliard dollarga yetdi, 2030-yilgacha 10 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan. Maqsadga erishish uchun sanoat kooperatsiyasi markazi, qo‘shma investitsiya platformasi ishga tushirilib, milliardlab dollarlik loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Tahlilda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratilgan. Hozirgi o‘sish sur’ati yomon emas, baribir umumiy tashqi savdodagi ulush hamon past. Demak, natija salohiyatning bir qismini aks ettirmoqda. Keyingi bosqichda asosiy vazifa munosabatni yuqori texnologiya, raqamli iqtisodiyot va sanoat kooperatsiyasi orqali yanada chuqurlashtirishdir.
Iqtisodiyotdan texnologiyagacha
O‘zbekiston – Qozog‘iston sherikligi kun tartibiga energetika, suv, transport, raqamli iqtisodiyot va “yashil” taraqqiyot kabi uzoq muddatli strategik yo‘nalishlar ham chiqmoqda. Bu hamkorlikni mintaqaviy integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylantirmoqda.
Masalan, suv diplomatiyasi sohasida 2025-yil transchegaraviy ob’ektlarni birga boshqarish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ko‘p yillik muzokaraning amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘ldi. Mazkur hujjat mavjud resursdan oqilona foydalanish, suv-energetika muvozanatini ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida umumiy yondashuvni kuchaytirish uchun huquqiy asos yaratdi.
Transport va logistika yo‘nalishidagi sa’y-harakat ham integratsiya chuqurlashayotganini tasdiqlaydi. Temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini 60 million tonnaga yetkazish, chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish va “E-Permit” tizimini joriy etish orqali chegaradan o‘tish vaqti to‘qqiz soatdan 30 daqiqaga qisqargani ikki davlat uchun logistika xarajatini keskin kamaytirdi.
Raqamli texnologiya sohasi ham istiqbolli yo‘nalish. Sun’iy intellekt, elektron tijorat, raqamli tranzit, moliya texnologiyasi va startaplar bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar o‘zaro munosabatga yangi mazmun bag‘ishlamoqda. Ostonada o‘tkazilayotgan “Kelajak o‘yinlari” ham ayni yangi texnologik kun tartibining ramziy ifodasidir.
Xullas, O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabati kelajagi raqamli transformatsiya, innovatsiya, qo‘shma sarmoya va yuqori texnologiyaga tayanadi. Jarayon muvaffaqiyatli davom etsa, mamlakatlarimiz nafaqat Markaziy Osiyo integratsiyasining asosiy tayanchi, balki Yevrosiyo makonida yangi iqtisodiy o‘sish nuqtasiga aylanishi mumkin. Bu esa 2030-yilgacha belgilangan maqsadlarga erishishning muhim omilidir.
Musulmon Ziyo, O‘zA