Arktikaga yo‘l: toshkentlik o‘quvchi qiz xalqaro saralashda g‘olib bo‘ldi
Poytaxtimizdagi 246-sonli maktabning 11-o‘quvchisi E’zoza Beshimjonova “Bilimlar muzyorari” xalqaro Arktika ekspeditsiyasi uchun o‘tkazilgan saralashda g‘olib chiqib, O‘zbekiston nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning 4-avgust kuni ekspeditsiya ishtirokchilari “G‘alabaning 50 yilligi” atom muzyorarida Murmanskdan yo‘lga chiqib, Shimoliy qutb sari safarni boshlaydi.
Ta’kidlash kerakki, “Bilimlar muzyorari” 14-16 yoshli maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan ilmiy-ma’rifiy loyiha bo‘lib, “Rosatom” davlat korporatsiyasi ko‘magida amalga oshiriladi. Loyiha 2024-yildan buyon xalqaro miqyosda o‘tkazib kelinmoqda. Bu yil ekspeditsiya yettinchi marta tashkil etilib, Rossiya hamda 22 xorijiy davlatdan kelgan ishtirokchilarni birlashtiradi.
E’zoza “Bilimlar muzyorari” xalqaro ekspeditsiyasi saralashida g‘olib chiqqan ikkinchi o‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi hisoblanadi. Ilk bor 2025-yilda ushbu ekspeditsiyada O‘zbekiston nomidan Alina Chembayeva ishtirok etgan.
– Men o‘tgan yili “Bilimlar muzyorari” ekspeditsiyasida ishtirok etgan Alina Chembayeva bilan suhbatlashgan edim. Uning Arktika haqidagi hikoyasi menda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki bunday xalqaro dastur borligini avval bilmasdim. Keyin yozgi loyihalarni izlayotganimda, shu suhbat yodimga tushdi va ariza topshirishga qaror qildim. O‘zimni sinab ko‘rishni, yangi tajriba orttirishni istadim. Shuning uchun bunday nufuzli saralashda ishtirok etish imkoniyatini qo‘ldan boy berishni xohlamadim, – deya ta’kidladi u.
Xalqaro saralash uch bosqichda o‘tkazildi. Dastlab ishtirokchilar tabiiy fanlar, yangi texnologiyalar, atom energetikasi va Arktikani o‘zlashtirishga oid savollardan iborat ilmiy viktorinada qatnashdi. Keyin ular ekspertlar vebinarlarida ishtirok etib, taqdim etilgan materiallar asosida topshiriqlarni bajardi. Dastlabki ikki bosqich natijalariga ko‘ra, har bir mamlakatdan o‘n nafardan finalchi saralab olindi. Yakuniy bosqichda esa ishtirokchilar “Atom texnologiyalari bugungi kunda dunyoni qanday o‘zgartirmoqda?” mavzusida qisqa videotaqdimot tayyorladi.
2025-yilda E’zoza Beshimjonova UniSat 3.0 ta’lim dasturida ishtirok etib, mamlakatning turli hududlaridan saralangan qizlar bilan birga nanosun’iy yo‘ldoshlarni yig‘ishda qatnashdi. Oktyabr oyida ular tayyorlagan ikkita nanosun’iy yo‘ldosh Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi Shege ovulida joylashgan 11-sonli maktab hududidan stratosferaga uchirildi.
Ekspeditsiya o‘n kun davom etadi. Bu vaqt ichida ishtirokchilar tadqiqotchilar, muhandislar va atom sanoati mutaxassislari bilan uchrashib, ma’ruzalar, muhokamalar, mahorat darslari hamda ilmiy tajribalarda ishtirok etadi. Rejaga ko‘ra, “G‘alabaning 50 yilligi” atom muzyorari 8-avgust kuni Shimoliy qutbning geografik nuqtasiga yetib boradi.
E’zoza Beshimjonova uchun bu nafaqat ilk xalqaro safar, balki orzusidagi ekspeditsiya hamdir. U birinchi marta okeanni ko‘radi va Shimoliy qutbga safar qilish imkoniyatini hayotidagi unutilmas voqealardan biri, deb baholaydi.
– Katta mas’uliyatni his qilyapman. O‘zbekiston nomidan ushbu ekspeditsiyada ishtirok etayotganim men uchun ulkan sharaf. Men nafaqat yurtimizni munosib namoyon etishni, balki o‘zbekistonlik qizlar ham ilm-fan va xalqaro loyihalarda yuksak natijalarga erisha olishini ko‘rsatishni istayman. Bu men uchun katta ishonch va yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi, – dedi E’zoza.
Eslatib o‘tamiz, “Bilimlar muzyorari” xalqaro loyihasi tabiiy fanlar va atom texnologiyalarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirishga qaratilgan. Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, bu yilgi saralash bosqichida ishtirok etish uchun 22 mamlakatdan qariyb 5 mingta ariza kelib tushgan. Uning avvalgi olti mavsumida Arktika ekspeditsiyalarida turli mamlakatlardan 400 nafardan ziyod maktab o‘quvchisi qatnashgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA