Toshkent shahrida korrupsiyaning oldini olish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Toshkent shahar korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 2025-yil 5-mart kuni davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida mamlakatimizda kriminogen vaziyatni yaxshilash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham ushbu masalaga alohida urg‘u berilib, korrupsiya davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan jiddiy tahdid ekani, 2026-yilda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilinishi ta’kidlandi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, qo‘shma majlisda Toshkent shahrida korrupsiyaning oldini olish, bozorlarda olib borilayotgan raqamlashtirish ishlari, qurilish sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish hamda boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Xususan, Toshkent shahar “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” davlat unitar korxonasi, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar sudi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar adliya boshqarmasi, Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birgalikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, davlat organlari va tashkilotlariga kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tegishli vazifa hamda tavsiyalar berildi.
Senatorlar, mahalliy kengashlar deputatlari va ularning doimiy komissiyalari vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari, hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlis yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA