“To‘maris izdoshlari”: g‘oliblar munosib taqdirlandi
Buxoro shahrida talaba-qizlarning jismoniy salohiyati, shijoati va bilim-mahoratini namoyon etuvchi “To‘maris izdoshlari” sport musobaqasining hududiy bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir yosh qizlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda jamoaviy birdamlik ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.
Musobaqada viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli va faol talaba-qizlar ishtirok etib, turli shartlar bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyon etdi. Bellashuv jarayonida ishtirokchilar nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki zehn, epchillik va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatlarini ham sinovdan o‘tkazdilar.
– Yoshlarimiz, ayniqsa,qizlarimizning jismoniy va ma’naviy barkamolligini ta’minlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatidagi ustuvor vazifalardan biridir. Ushbu musobaqa g‘oliblarni aniqlash bilan birga, talabalar o‘rtasida sog‘lom va faol hayot tarzini qaror toptirishga xizmat qiladi, – dedi Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Hamidov.
Mazkur musobaqada Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Buxoro davlat texnika universiteti hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Ishtirokchilar to‘rtta murakkab va qiziqarli shart asosida bellashdilar. “Jamoani tanishtirish” shartida ijodiy yondashuv va sahna madaniyati baholangan bo‘lsa, “Sport bilan hamnafasmiz” yo‘nalishida tezkorlik va jismoniy chidamlilik sinovdan o‘tkazildi. “Birinchi tibbiy yordam” shartida favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha amaliy bilimlar namoyon etildi. “Velosipedda uchish” bellashuvida esa ishtirokchilarning epchilligi va muvozanatni saqlash mahorati baholandi.
[gallery-29043]
Hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga ko‘ra, umumjamoa hisobida 1-o‘rin Buxoro davlat universiteti jamoasiga nasib qildi. 2-o‘rinni Buxoro davlat pedagogika instituti hamda Buxoro davlat texnika universiteti jamoalari egalladi. 3-o‘rin esa Buxoro davlat tibbiyot instituti jamoasiga nasib etdi.
“To‘maris izdoshlari” musobaqasi talaba-qizlarning nafaqat jismoniy tayyorgarligi, balki mas’uliyatni his etish, jamoada ishlash, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarini ham namoyon etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.