Xalqaro velosportchilar kuch sinashmoqda
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “TOUR OF BOSTONLIQ” xalqaro musobaqasi boshlandi. Dastlabki kun turnir an’anasiga muvofiq muhim tashkiliy yig‘ilish yuqori saviyada tashkil etildi. Unda xalqaro darajadagi hakamlar, komissarlar hamda jamoalar menejerlari ishtirok etib, musobaqaning barcha jihatlari — poyga yo‘nalishlari, texnik talablar, xavfsizlik qoidalari va tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Barcha jamoalarga yuqori darajadagi tayyorgarlik va qat’iy intizom muhim ekani alohida ta’kidlandi. Yakunda O‘zbekiston velosport federatsiyasi tomonidan har bir jamoaga esdalik sovg‘alari topshirildi.



Shundan so‘ng dastlabki velopoygalarga start berildi. Mazkur musobaqada jahon velosporti yulduzlari Bo‘stonliq tumani yo‘llarida kuch sinashmoqda. Yuqori tezlik, keskin raqobat va adrenalinga to‘la ikki bosqichli xalqaro poyga – UCI 2.2 toifasida o‘tadi. Unda 10 dan ziyod davlat vakillari ishtirok etyapti va reyting ochkolar beriladi.


Xususan, bugun "TOUR OF BOSTONLIQ LADIES" musobaqasi birinchi bosqichi yakunlandi. Qizg‘in va murosasiz bahslar natijasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Unga ko‘ra, yaqqol ustunlik bilan birinchi o‘rinni Abdullayeva Shahnoza — 2:28:39 (Uzbekistan Cycling Team) natija bilan qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinda Zhou Quing — 2:29:47 (XDC China Women Team) va uchinchi o‘rinda esa Zhang Hao — 2:29:56 (XDC China Women Team) munosib topildi.

Musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi bahslar ham bo‘lib o‘tmoqda.
A.Musayev, O‘zA