Tojikiston elchisi brifing o‘tkazdi
Bugun Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasida joriy yil 25-28-may kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan “Barqaror rivojlanish uchun suv” mavzusidagi xalqaro konferensiya oldidan brifing tashkil etildi.
Tadbirda xorijiy diplomatlar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘in avvalida ushbu qardosh davlatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nasriddin Ismatullo so‘zga chiqib, Tojikiston ko‘p yillardan buyon suv diplomatiyasi sohasida xalqaro sa’y-harakatlarning faol tashabbuskori sifatida izchil amaliy ish olib borayotgani, xususan mamlakat yetakchisi Emomali Rahmon tomonidan ilgari surilayotgan global tashabbuslar mintaqa manfaatiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
[gallery-28735]
– Tojikistonning to‘rt tashabbusi – “Xalqaro chuchuk suv yili” (2003), “Hayot uchun suv” xalqaro harakatlar o‘n yilligi (2005-2015), “Xalqaro suv hamkorligi yili (2013) va “Barqaror rivojlanish uchun suv” xalqaro harakatlar o‘n yilligi (2018-2028) xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, – dedi elchi o‘z ma’ruzasida. Zero, bu loyihalardan ko‘zlangan asosiy maqsad sayyoramizning global muammolarini hal qilish, jumladan iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligining oldini olishdir.
Diplomat ta’kidlashicha, Dushanbedagi bo‘lajak konferensiya muayyan takliflar ilgari surish, transformatsion yechimlar namoyish etish uchun davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, BMT tuzilmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari, ilmiy muassasalar, fuqarolik jamiyati, yoshlar va xususiy sektor vakillarini bir joyga to‘playdi. Mutaxassislar e’tibori BMTning 2023-yilgi Suv resurslari bo‘yicha konferensiyasi tomonidan belgilangan sur’atni saqlab qolish va yanada rivojlantirish, Suv resurslari bo‘yicha harakatlar kun tartibini amalga oshirishga ko‘maklashish mavzulariga qaratiladi. Umuman, Tojikistonda 2028-yil bo‘lib o‘tadigan BMT Suv resurslari bo‘yicha konferensiyasi arafasida qizg‘in, muhokama va munozara yo‘lga qo‘yiladi.
– Anjumanning asosiy natijasi “Yakuniy deklaratsiya, Hamraislar xulosasi va BMTning 2026-yilgi Suv resurslari bo‘yicha konferensiyasiga qo‘shilgan rasmiy hissa”da aksini topadi, – deya qo‘shimcha qildi elchi N.Ismatullo. – Darvoqe, ushbu tadbir 2028-yil bo‘lib o‘tadigan “Barqaror rivojlanish uchun suv” xalqaro o‘n yilligi yakuniy konferensiyasigacha davom etadigan izchil jarayonning bir qismidir.
O‘.Alimov, S.O‘rmonov (surat), O‘zA