To‘dako‘l yirik turistik markazga aylanadi
Bugun turizm oddiy sayohat emas, balki hududlarni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish va tabiiy boyliklarni asrab-avaylashning muhim omiliga aylanmoqda. Ayniqsa, tabiat va zamonaviy infratuzilma uyg‘unlashgan maskanlar sayyohlar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda.
Buxoro va Navoiy viloyatlari tutash hududida joylashgan To‘dako‘l ana shunday ulkan imkoniyatlarga ega maskanlardan biri. Bir qarashda cheksizlikka tutashib ketgandek tuyuladigan suv havzasi, keng sohillar, o‘ziga xos tabiat va hududning geografik joylashuvi bu yerda turizmning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-sentabrdagi qarori bilan Qiziltepa hududida 6,5 ming gektar maydonni qamrab olgan “To‘dako‘l” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangani esa bu imkoniyatlarni aniq loyihalarga aylantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.
Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulov boshchiligidagi ishchi guruh vakillarining Buxoro va Navoiy viloyatlarida bo‘lib, To‘dako‘l turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish bo‘yicha joyiga chiqqan holda o‘rganish olib borgani ham mazkur loyihaning amaliy bosqichga o‘tayotganidan dalolatdir.
To‘dako‘l suv ombori respublikadagi yirik suv ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Uning umumiy maydoni 21,7 ming gektarni tashkil etadi. Suv havzasining qariyb 14 kilometrlik sohil qismida plyajlar, dam olish maskanlari va zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etish imkoniyati mavjud.


Bu esa To‘dako‘lni faqat mavsumiy hordiq chiqariladigan hudud emas, balki yil davomida sayyohlar va mahalliy aholiga turli xizmatlar ko‘rsatiladigan yirik turistik markazga aylantirish imkonini beradi.
Eng muhimi, yangi konsepsiyada turizmning bir nechta yo‘nalishlarini bir hududda uyg‘unlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, ekoturizm, ov turizmi, ekstremal, rekreatsion, tibbiy-sog‘lomlashtirish va gastronomik turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Demak, To‘dako‘lga kelgan sayyoh faqat suv bo‘yida dam olib ketmaydi. U tabiat qo‘ynida hordiq chiqarishi, ekstremal mashg‘ulotlarda ishtirok etishi, milliy taomlardan bahramand bo‘lishi, sog‘lomlashtirish xizmatlaridan foydalanishi va hududning o‘ziga xos tabiiy muhitini kashf etishi mumkin bo‘ladi.
O‘rganish jarayonida hududda faoliyat yuritayotgan qariyb 30 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan tashkil etilgan turli ob’ektlar ham ko‘zdan kechirildi. Bu ob’ektlar hududda tadbirkorlik tashabbusi allaqachon shakllanganini ko‘rsatadi. Endi asosiy vazifa mavjud imkoniyatlarni bir-biri bilan bog‘lash, xizmatlar sifatini oshirish, infratuzilmani yaxshilash va To‘dako‘lning yagona turistik brendi ostida tizimli rivojlanishini ta’minlashdan iborat. Shu maqsadda hudud uchun yagona master-reja ishlab chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tegishli mas’ullar va manfaatdor tomonlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda zamonaviy turistik xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tashkil etish, mavjud ob’ektlarni rivojlantirish va yangi investitsiya loyihalarini jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Bu yondashuvning mohiyati juda oddiy, ammo strategik ahamiyatga ega: To‘dako‘lda har kim o‘zicha ishlaydigan alohida ob’ektlar emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi yagona turistik ekotizim yaratiladi.


Turistik-rekreatsion zonaning tashkil etilishi hudud iqtisodiyoti uchun ham yangi imkoniyatlarni ochishi kutilmoqda.
Yangi mehmonxonalar, dam olish maskanlari, ovqatlanish shoxobchalari, ko‘ngilochar va sport ob’ektlari, suv turizmi infratuzilmasi, hunarmandchilik va savdo nuqtalari tashkil etilsa, bu jarayon yangi ish o‘rinlarini yaratish bilan birga mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Ayniqsa, mahalliy aholini turistik xizmatlar sohasiga keng jalb etish, kasbiy ko‘nikmalarini oshirish va yangi daromad manbalarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda turizmni iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirish, hududlarning o‘ziga xos salohiyatini ishga solish, yangi turistik maskanlar tashkil etish va xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. To‘dako‘l loyihasi ham ana shu keng ko‘lamli yondashuvning hududiy ifodasi sifatida yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yuzaga chiqarishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri