Navoiyda turizm yanada rivojlanmoqda
Navoiy viloyatida turizm sohasini rivojlantirish, hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish va aholi uchun yangi daromad manbalarini yaratishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Natijada 2026-yilning 8 oyida viloyatga qariyb 2,7 million nafar sayyoh tashrif buyurdi. Shundan 443,2 ming nafari xorijiy, 2 million 236 ming nafari mahalliy turistlardir. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 3,6 million nafarga yetkazish maqsad qilingan.

– Sohada tadbirkorlik va investitsiya faolligi ham ortib bormoqda, – deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Komiljon Normamatov. – 2026-yilning 8 oyida 64 ta yangi joylashtirish vositasi, jumladan, mehmonxonalar, mehmon uylari, xostellar va o‘tovli oromgohlar tashkil etildi. Natijada viloyatdagi joylashtirish vositalari soni 368 taga yetdi. Shuningdek, turistik tashkilotlar soni 105 taga yetkazildi. Bu ob’ektlar nafaqat sayyohlarga qulay sharoit yaratish, balki mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari va tadbirkorlik imkoniyatlarini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Yil yakuniga qadar qiymati 246 milliard so‘mlik 26 ta turizm loyihasini amalga oshirish va 345 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Viloyatda turistik hududlarni ixtisoslashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Qizilqum Safari” MCHJ va “Sputnik Navoiy” MCHJga Respublikada birinchilardan bo‘lib “Turizm klasteri” maqomining berilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bu kabi klasterlar orqali turistik xizmatlarni bir-biri bilan uzviy bog‘lash, investitsiyalarni jalb qilish va hududda kompleks turistik mahsulot yaratish imkoniyatlari kengaymoqda.

So‘nggi uch yilda viloyatda oltita turizm qishlog‘i tashkil etildi. Sentob, Langar, Angidon, Chuya, Kichiksoy va Mushkan kabi qishloqlarda mehmon uylari, kempinglar va zamonaviy turistik xizmatlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, Sentobda tadbirkorlik sub’ektlari soni 2020-yildagi 2 tadan bugungi kunda 70 tadan oshdi. Qishloqning Jahon turizm tashkiloti tomonidan “Butunjahon turizm qishloqlari” ro‘yxatiga kiritilishi uning xalqaro turistik salohiyatini yanada oshirdi.
Xatirchi tumanidagi Langar va Angidon hududlarida ham turizm infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayib, sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshdi. Bu hududlarda kempinglar va mehmon uylari tashkil etildi, tog‘da piyoda yurish, “zipline” va “tubing” kabi zamonaviy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. 2025-yilning o‘zida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur mahallalarga 23 ming nafar xorijiy va 317 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi.
Qizilqum cho‘lida safari, etnoturizm va cho‘l turizmini rivojlantirish bo‘yicha yangi yo‘nalishlar shakllantirilmoqda. Konimex tumanidagi Yangiqazg‘an ovulini “turizm ovuli”ga aylantirish va bu yerda “Qizilqum sahrosi” festivalini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu orqali yangi turistik marshrutlar va xizmatlar bozori yaratiladi.

Sohadagi islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi turistik hududlarga olib boruvchi infratuzilmani yaxshilashdir. 2026-yilda 11 ta ob’ektga 38 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 20,5 kilometr avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, 15 kilometr piyodalar yo‘laklari barpo etish, beshta ko‘prik qurish, elektr tarmoqlarini kengaytirish va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Navoiy shahrida ham aholi va sayyohlar uchun zamonaviy dam olish muhitini yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, “Akvapark” va tutash hududlarni rekonstruksiya qilish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda “Yoshlik” ko‘li bo‘yida 1,5 kilometrlik zamonaviy plyaj barpo etish rejalashtirilgan. “Yangi Navoiy shaharchasi” va “Yangi O‘zbekiston bog‘i” hududlarida muhandislik kommunikatsiyalari, yo‘llar, savdo, servis va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining rivojlantirilishi shahar turizmi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Yil yakuniga qadar Nurotada “Naqshlar va nurlar” milliy kashtachilik markazini barpo etish, “Chashma” va qator ziyoratgohlarni rekonstruksiya qilish, qadimiy “Koriz”larni turistik ob’ektga aylantirish, Karmanada “Qadimiy Karmana” turistik markazini tashkil etish kabi loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, tarixiy-madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish, Xatirchida tibbiyot va suv turizmini yo‘lga qo‘yish, Aydarko‘l va Zarafshon daryosi bo‘yida yangi turistik hududlarni shakllantirish choralari ko‘rilmoqda.

Turizmni aholi bandligi va daromadlari bilan bog‘lash maqsadida Nurota va Xatirchi tumanlaridagi 15 ta turizm mahallasida xonadonlarni oilaviy mehmon uylariga aylantirish rejalashtirilgan.
Umuman, Navoiydagi turizm islohotlari sayyohlar oqimini ko‘paytirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash va madaniy merosni asrashga xizmat qilmoqda. Viloyatning cho‘l, tog‘, ziyorat, etno va ekologik turizm imkoniyatlarini birlashtirish esa Navoiyni yangi turistik markazlardan biriga aylantirish uchun zamin yaratmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri