Tinchlikmi yoki navbatdagi siyosiy pauza?
Yaqin Sharqdagi urush fonida e’lon qilingan sulh atrofidagi bayonotlar turlicha talqin qilinmoqda. Eron rasmiylari AQSHni o‘z shartlariga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Donald Tramp bu kelishuvni “sharafli natija” sifatida baholamoqda.
Eron milliy xavfsizlik kengashi bayonotiga ko‘ra, Vashington Tehron ilgari surgan qator muhim talablarni qabul qilgan. Ular orasida agressiyadan voz kechish, Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni Eronda qoldirish, yadro dasturini tan olish va sanksiyalarni bekor qilish kabi bandlar bor. Shuningdek, AQSHning mintaqadan qo‘shinlarini olib chiqishi ham tilga olingan.
Bu bayonot CNN xabar qilgan ikki haftalik sulh haqidagi ma’lumotlar fonida yangradi. Unga ko‘ra, Isroil ham ushbu kelishuvga amal qilmoqda. Avvalroq Tramp Eron tomonidan taqdim etilgan 10 bandlik taklifni “muzokaralar uchun real asos” deb atagandi. Biroq tomonlarning bayonotlari o‘rtasidagi tafovut e’tiborni tortadi.
Vashington bu jarayonni o‘z maqsadlariga erishilganining belgisi sifatida ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Tehron uni qarshi tomonning yon berishi sifatida talqin qilmoqda. Bu kabi vaziyatlarda g‘alaba tushunchasi ko‘pincha bayonotlarda shakllanadi, amaliy natijalarda emas. Har bir tomon o‘z auditoriyasi uchun maqbulroq manzarani chizishga urinayotgandek go‘yo. Kimdir muzokarani yutuq deb ataydi, boshqasi esa ayni jarayonni sherigining taslimi sifatida ko‘rsatadi.
Qizig‘i shundaki, ilgari keskin qarama-qarshilik bilan tilga olingan masalalar — yadro dasturi, sanksiyalar yoki harbiy ishtirok — endi birdaniga “muzokara mumkin bo‘lgan” masalaga aylangan.
Umuman olganda, e’lon qilingan sulh qisqa muddatli tinchlikni anglatishi mumkin. Ammo uning ortidagi kelishuvlar qanday ishlashi va kim uchun qanchalik foydali bo‘lishi vaqt o‘tishi bilan yanayam aniqroq tus oladi.
Munira Niyazimbetova, O‘zA