Rossiya Armanistondan kelgan 64,5 million shisha mineral suv sotilishini taqiqladi
Kuni kecha Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati – “Rospotrebnadzor” “Halol belgisi” davlat yorlig‘i tizimi idorasiga Rossiyada 64,5 million shisha “Jermuk” arman mineral suvi sotilishini to‘xtatib turish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Yangi jo‘natmani qamal qilish buyrug‘i 2026-yil 28-maydan keyingi xabarnomagacha kuchida turadi. Agentlik mazkur taqiq texnik qoida buzilishi bilan bog‘liqligini ta’kidlagan. Ushbu suv tarkibida bikarbonat, xlorid va sulfat haddan tashqari miqdorda ekani aniqlangan. “Rospotrebnadzor” ayni holat suvning dorivor xususiyati haqida noto‘g‘ri tushuncha hosil qilib, salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq “Rosselxoznadzor” Armanistondan “jo‘natilgan mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli qoida ishlab chiqilgunga qadar” yangi meva va sabzavot importiga vaqtincha cheklov joriy etgani haqida xabar tarqatilgan edi. Taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatiga pomidor, bodring, qalampir, ko‘kat va qulupnay kiritilgan. Qaror 30-maydan kuchga kirishi aytilgan. Bu qaror Rossiyaga Armaniston mahsulotlari yetkazilishi va fito sanitariya xavfsizligi ta’minlanishida qoidabuzarlik ko‘payishi ortidan chiqarilgan.
Bundan tashqari “Rosselxoznadzor” Armanistonning vakolatli agentligi “ilgari aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rmagani”ni ta’kidladi.

Armanistonda yaqinda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi kuni yaqinlashgan sari mamlakatning Rossiya bilan munosabati taranglashmoqda. Bunga mamlakatning hozirgi hukumati Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikka intilayotgani sabab bo‘lmoqda. Umuman, so‘nggi payt Rossiya va Armaniston diplomatik muloqot va vizasiz munosabatni saqlab kelayotgani, ikki mamlakat iqtisodiy va transport aloqalari faolligicha qolayotganiga qaramay, endi vaziyat jiddiy o‘zgarishi kutilmoqda. Yerevan G‘arb mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali xavfsizlik tizimini faol ravishda diversifikatsiya qilmoqda.
Rossiya siyosatchilari Armaniston ham YeIga qo‘shilishi, ham Yevrosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotida ishtirok etishini Yerevaning bir yo‘la “ikki stul”ga o‘tirishi sifatida baholamoqda. Kuni kecha xuddi shu masalada RF Prezidenti Vladimir Putinning bayonoti e’lon qilindi:
– Ukrainadagi inqiroz hozir Armanistonda sodir bo‘layotgan voqealarga o‘xshash boshlangandi. Agar YeI standartini qabul qila boshlasa, ushbu davlat bilan integratsiyani ob’ektiv ravishda cheklash lozim bo‘ladi. YeOII tuzilmasidan chiqish armanistonlik migrantlar uchun standart talab qo‘llanishiga olib keladi. Qolaversa, mamlakatga sotilayotgan energiya narxi ko‘tarilib, respublika yalpi ichki mahsulotning 14 foizini yo‘qotadi.
S.Rahimov, O‘zA