Til — millatning ruhi
Shu kunlarda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan joylarda turli ko‘rinishdagi bayram tadbirlari, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston «Adolat» SDP hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamkorligida «Til — millatning ruhi!» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ona tilining boyligi va jozibasini keng targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, til — millatning tarixiy xotirasi, madaniyati va dunyoqarashini avloddan avlodga yetkazuvchi bebaho xazina. 1989-yil 21-oktabrda «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani, 2019-yildan buyon esa mazkur sana Prezident farmoni bilan rasman O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlanib kelinayotgani ona tilimizni davlat tili sifatida asrashga qaratilgan tarixiy voqealardan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uni asrab-avaylash hamda kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish har bir fuqaroning muhim vazifasi ekanligini alohida ta’kidladilar.
M.Komilova, O‘zA