Qo‘riqlash xizmatida savodxonlik sinovi
Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash xizmatida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan «Umummilliy diktant» loyihasi doirasida ommaviy diktant o‘tkazildi. Unda xizmat rahbariyati, bo‘lim boshliqlari, ofitserlar, serjantlar va safdorlar ishtirok etdi.
Tadbir ona tilimizga hurmat va ehtiromni yanada yuksaltirish, davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, xodimlarning yozma savodxonligi hamda nutq madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Ishtirokchilar diktant yozish jarayonida o‘zbek adabiy tili me’yorlari, imlo qoidalari va tinish belgilarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. Ayniqsa, xizmat faoliyatida davlat tilidan to‘g‘ri foydalanish, rasmiy hujjatlarni savodli yuritish va yozma nutq madaniyatiga rioya etishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-32031]
Diktant ishlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limi mutaxassislari tomonidan imlo, punktuatsiya, yozuv madaniyati va umumiy savodxonlik mezonlari asosida baholandi.
Natijalarga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan xodimlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur ma’rifiy tashabbus Qo‘riqlash xizmati shaxsiy tarkibining davlat tiliga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish, yozma savodxonligini oshirish hamda kundalik xizmat faoliyatida o‘zbek adabiy tili me’yorlariga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA