Tibbiyot xabarlari
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi Ilmiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Ilmiy kengash a’zolari hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, farmatsevtika sohasini rivojlantirish, ilmiy-ta’lim faoliyatini takomillashtirish va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan qator dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Jumladan, majlisda 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar, ichki baholash tizimini takomillashtirish hamda reyting ko‘rsatkichlarini yangilash bo‘yicha belgilangan topshiriqlar ijrosi atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, markaz mutaxassislari va xodimlarining malakasini oshirish, zamonaviy ta’lim standartlari hamda o‘quv modullarini yagona tizimda joriy etishga xizmat qiluvchi elektron platforma faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish, malaka oshirish tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirish hamda sohaning ilmiy salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Majlis yakunida kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Mazkur qarorlar farmatsevtika sohasida ta’lim sifati va ilmiy faoliyat samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
***
Prezidentimizning tadbirkorlar bilan joriy yilgi ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida mahalliy hamda xorijiy tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchilari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Markaz direktori Alisher Temirov boshchiligida o‘tgan uchrashuvda tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchilari va importyorlari faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalarni hal etish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
***
Toshkent davlat tibbiyot universitetida Saudiya Arabistoni Tibbiyot mutaxassisliklari komissiyasi (Saudi Commission for Health Specialties – SCFHS) vakillari bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad tibbiy ta’lim, mutaxassisliklarni akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda tibbiyot kadrlarini tayyorlash yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda Saudiya Arabistoni tomonidan SCFHS Bosh direktorining strategiya bo‘yicha o‘rinbosari Abdalla Alxavvas hamda komissiya vakili, doktor Amjad Alahmed ishtirok etdi. Tomonlar tibbiyot ta’limini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirish, akkreditatsiya tizimini rivojlantirish hamda tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar davomida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy ta’lim metodologiyalarini joriy etish va tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv Toshkent davlat tibbiyot universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda tibbiy ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
***
Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universitetida Saudiya Arabistonining «Kdot» kompaniyasi vakillari hamda tibbiy ta’limda sun’iy intellekt bo‘yicha mustaqil ekspert bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tibbiy ta’limni raqamli transformatsiya qilish, hamshiralik va ichki kasalliklar sohasida bitiruvchilar va tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish kabi masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar kelgusida bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, tajriba almashish va tibbiy ta’lim sohasida innovatsion hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Turkiyaning Alyors Holding (Orzax) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda farmatsevtika va biotexnologiya yo‘nalishlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda eksport salohiyatini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari O‘zbekiston farmatsevtika bozoridagi mavjud imkoniyatlar, investitsiya muhiti hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, dorivor o‘simliklar, farmatsevtik xomashyo va probiotiklar sohasida ilmiy-texnologik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy resurslardan samarali foydalanish hamda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar investitsiya loyihasining asosiy parametrlarini aniqlashtirish, zarur ma’lumotlarni o‘zaro almashish hamda hamkorlikning keyingi amaliy bosqichlarini belgilashga kelishib oldi.
***
Ibn Sino jamoat fondi raisi Nozimxon Mahmudov «Samsung Biopharm» kompaniyasi direktori Kim Il Su bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida koreyalik vakilga «Abu Ali ibn Sino: Zamonaviy tibbiyot va Xalq tabobati — Innovatsiyalar va Investitsiyalar» mavzusidagi XIV xalqaro Ibn Sino o‘qishlarida (2026-yil 14-16-avgust kunlari, Buxoro shahri) ma’ruza, mahorat darslari va ko‘rgazmalarda ishtirok etish, shuningdek, aholi manfaati yo‘lida ijtimoiy-tibbiy loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqish va amalga oshirish taklif etildi va muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, «Samsung Biopharm» kompaniyasi xalq tabobati yo‘nalishida faoliyat yuritadi, jenshen mahsulotini ishlab chiqadi va u orqali inson salomatligini mustahkamlashga xizmat ko‘rsatadi.
***
Milliy tibbiyot markazi rentgen-endovaskulyar jarrohlari tomonidan 65 yoshli bemorda bosh miyaning bazilyar arteriyasiga balon angioplastika va stentlash amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Bemor tekshiruvlar davomida bosh miyaning asosiy qon tomirlaridan biri bo‘lgan bazilyar arteriyada xavfli darajadagi torayish aniqlangach, shifokorlar tomonidan yuqori texnologik endovaskulyar muolajani amalga oshirishga qaror qilindi.
Amaliyot davomida qon tomiridagi toraygan qism maxsus balon yordamida kengaytirilib, so‘ngra stent o‘rnatildi. Natijada qon oqimi to‘liq tiklandi.
Mazkur muolaja minimal invaziv usulda bajarilgani sababli bemorda ochiq jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj qolmadi va tiklanish jarayoni ham tez kechmoqda.
Bazilyar arteriya bosh miyaning hayotiy muhim markazlarini qon bilan ta’minlaydigan asosiy tomirlardan biri bo‘lib, undagi torayish insult va boshqa og‘ir asoratlar xavfini oshiradi.
Murakkab amaliyot Milliy tibbiyot markazi rentgen-endovaskulyar jarrohlari tomonidan zamonaviy tibbiy uskunalar va xalqaro standartlar asosida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA