Tibbiyot: tor soha mutaxassislarini tayyorlashda rezidentura dasturlari joriy etiladi
Shu yilning 10-sentabrida qabul qilingan “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga ko‘ra, tor soha mutaxassislarini tayyorlashda klinik ordinatura negizida xalqaro standartlar asosida davomiyligi tabaqalashtirilgan rezidentura dasturlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Bunda rezidenturada tor soha mutaxassislarini tayyorlash davlat tibbiyot ta’lim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida davlat granti asosida amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oilaviy tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha rezidentura tashkil etiladi hamda bitiruvchilarga oilaviy shifokor mutaxassisligi beriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab tor soha mutaxassislarini tayyorlash to‘liq rezidentura orqali amalga oshiriladi va ordinaturaga qabul to‘xtatilishi hamda tibbiyot yo‘nalishidagi tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha magistraturaga umumiy davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini qisqartirish hisobiga bo‘shaydigan mablag‘lar mutaxassislarni rezidenturada tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Davlat granti asosida rezidenturaga qabul qilingan talabalarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan 2,15 koeffitsiyent miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Rezidentura ta’lim dasturlarini o‘zlashtirganlarga Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi va Milliy malakalar ramkasining 7-darajasiga mos keluvchi ta’lim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi.
O‘zA