Tibbiy ko‘rikdan aholi mamnun
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va Taxiatosh tuman kengashi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Doktor Maksudova innovatsion klinikasining Beruniy filiali malakali mutaxassislari tomonidan “Ko‘rish baxti” loyihasi doirasida chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
O‘tkazilgan tadbirda ko‘z kasalliklarini erta aniqlash va profilaktika qilish ko‘zda tutilgan bo‘lib, malakali shifokor Murod Devonov va hamshiralar ishtirokida aholiga samarali tekshiruv natijalari taqdim etildi.
Bugungi kunda hayot tarzi va ish faoliyatining ekranlar bilan bog‘liqligi ko‘z kasalliklari hamda ko‘ruv funksiyasining susayishiga olib kelmoqda. Shu bois kasalliklarning erta bosqichda aniqlanishi aholida jarrohlik amaliyotiga hojat qoldirmasdan, xalqimiz ko‘z sog‘lig‘ini asrash imkoni yaratiladi.

Kun davomida 150 nafardan ortiq aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifokorlar tomonidan tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, aholiga sog‘liqni asrash va profilaktika bo‘yicha amaliy maslahatlar berishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, Taxiatosh tuman kengashi mas’ul xodimlari va xalq deputatlari Taxiatosh tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA