Texnikumlarda sifat boshqaruvi takomillashtirilmoqda
Ta’lim sifati har qanday jamiyat taraqqiyotini yuksaltiruvchi asosiy omillardan biri. Ayniqsa, kasbiy ta’lim tizimida sifatni ta’minlash va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish mehnat bozorining o‘zgaruvchan talablariga moslashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida “Texnikumlarda sifat boshqaruvini takomillashtirish” mavzusida respublika miqyosidagi seminar-trening tashkil etilayotgani sohada olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi sifatida alohida e’tiborga loyiq.
Mazkur seminar-trening Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, Kasbiy ta’lim agentligi hamda Shveysariyaning “HELVETAS” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Ushbu hamkorlik ta’lim tizimiga ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish va boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Seminar-treningda respublikaning barcha hududlaridan 80 nafardan ortiq texnikum direktorlari hamda ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha mas’ul mutaxassislarning ishtirok etishi uning qamrovi va ahamiyatini yanada oshirdi. Seminar-treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad texnikumlarda ichki sifatni ta’minlash tizimini rivojlantirish, zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etish hamda ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirishdan iborat.
[gallery-28963]
Mazkur seminar-treningning yana bir muhim jihati, undagi taklif va tavsiyalarning amaliy ahamiyatga ega ekanidir. Ishtirokchilar tomonidan kichik guruhlarda ishlab chiqilgan g‘oyalar yakunda muhokama qilinib, umumlashtiriladi. Bu esa kelgusida texnikumlar faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni joriy etish imkonini beradi.
Endilikda, xalqaro ta’lim maydonida sifatni boshqarish masalasi faqat nazariy tushuncha bo‘lib qolmay, amaliy boshqaruv vositasiga ham aylangan. Ichki sifatni ta’minlash tizimlari orqali ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini mustaqil baholash, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, mehnat bozori bilan integratsiyani kuchaytirish bugungi kasbiy ta’lim tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Ta’lim dasturlarini ish beruvchilar talablariga moslashtirish orqali bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularning raqobatbardoshligini oshirish mumkin. Seminar davomida aynan shu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilayotgani uning strategik ahamiyatini ko‘rsatadi.
“Texnikumlarda sifat boshqaruvini takomillashtirish” mavzusidagi seminar-trening kasbiy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim tashabbusdir. U nafaqat ta’lim sifatini oshirishga, balki boshqaruv samaradorligini kuchaytirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etishga ham zamin yaratadi.
Mazkur seminar-treningni kasbiy ta’lim tizimidagi islohotlarning muhim bosqichi sifatida baholash mumkin. U sohada barqaror rivojlanish, samarali boshqaruv va yuqori sifatli ta’limni ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA