Yangi marralar sari ildam qadamlar (+video)
Har yili umumta’lim maktablarida navbatdagi o‘quv yili tugashi arafasida bitiruvchilarning oliygohlarga imtihon topshirishiga tayyorgarligi boshlanadi. Ayrim yoshlar bu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilinadi. Qolganlar esa yo‘q. Biroq davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan keng imkoniyat va sharoitlar tufayli oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinayotgan o‘g‘il-qizlar safi ortib bormoqda.
Xususan, O‘rta Chirchiq tumanida ham mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilyapti. Bu hududdagi umumiy o‘rta maktablarni 2026-yilda 1 ming 635 nafar bitiruvchi tamomlaydi.

Birgina 72-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan umumta’lim maktabining bu yilgi 11-sinf bitiruvchilar soni 126 nafarni tashkil etadi. Bu o‘quvchilar maktabda tashkil etilgan fan to‘garaklarida faol qatnashib, o‘z ustida ishlab 1 yil davomida matematika, ona tili, tarix, kimyo, biologiya, ingliz tili kabi fanlardan turli xil darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Ular hozirgacha jami 97 ta xalqaro va milliy sertifikat oldi. Birgina 11-sinf o‘quvchisi Faxriddin Yoqubov ilm olishga chanqoqligi va tinimsiz olib borgan tayyorgarligi tufayli SAT sertifikatini qo‘lga kiritdi.
– Avvalo, bu natijani qo‘lga kiritish oson bo‘lmadi. Bunday imkoniyatlarni yaratib bergan ustozlarim va ota-onamga katta rahmat aytaman, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Faxriddin Yoqubov. – Ularning tavsiyasi va qo‘llab-quvvatlashi tufayli mehnatlarim samara bermoqda. Men hujjat topshirgan AQSH (6 ta), Buyuk Britaniya (1 ta) va Birlashgan Arab Amirliklaridagi (1 ta) jami 8 ta dunyoning top-100 talik universitetlaridan qabul qilish to‘g‘risidagi chaqiruv xatlarini oldim. Ushbu oliygohlar tomonidan umumiy qiymati 127 ming AQSH dollariga teng grant takliflari bildirildi.

– Shunday yaxshi xabarlardan juda xursand bo‘lyapmiz, – deydi 72-sonli umumta’lim maktabi direktori Orif Dadajonov. – Hozirda yoshlarimiz turli fanlardan sertifikat olish uchun imtihonlar topshirgan va may oyida natijalari e’lon qilinadigan o‘quvchilarimizni ham sarhisob qilsak 110 ga yaqin sertifikatlar qo‘lga kiritilishi kutilyapti. Bu birgina 11-sinf bitiruvchilarimizning ko‘rsatkichidir. Lekin 9- va 10- sinflarda ham fan to‘garaklarida faol qatnashib, ustozlarimizning bergan bilimlarini yuzaga chiqarayotgan yoshlar juda ko‘p. Bularning barchasi maktabimiz jamoasining yillar davomida ko‘rsatgan mashaqqatli mehnatlarining mevasidir.
Shu bilan birga, mazkur maktabning yana 10 nafarga yaqin o‘quvchisi muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jumladan, bitiruvchi o‘quvchilar orasida Azimjon Tohirjonov ham 3 ta fanda A darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Umuman olganda, tizimda ishlayotgan yuqori malakali pedagoglar va bilimga chanqoq o‘quvchilar uyg‘unligi – O‘rta Chirchiq tumanidagi maktablarni Toshkent viloyatida namunaviy ta’lim muassasasiga aylantirmoqda. O‘quvchilarning ushbu natijalari esa maqsad sari izchil harakat, puxta tayyorgarlikning amaliy ifodasidir. Bunday yutuqlar yoshlar orasida bilim olishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/-ExtsKpZaHE" title="Yangi marralar sari ildam qadamlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, O‘zA