“Termiz muloqoti” ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilari Termizda
Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan “Tinchlik, o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusidagi “Termiz muloqoti”ning ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilari Surxondaryo viloyatidagi tashrifini buyuk alloma Hakim Termiziy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi.
Majmuada Qur’on tilovat qilinib, mehmonlarga ulug‘ ajdodimizning hayoti va ilmiy merosi haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, Hakim Termiziyning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, qadimgi Termiz shahrining mintaqalararo aloqalar va sivilizatsiyalar chorrahasidagi muhim o‘rni xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, Markaziy va Janubiy Osiyo tutashgan hududda joylashgan Termiz asrlar davomida yirik savdo, madaniy va sivilizatsion markaz vazifasini bajargan. Bu zaminda zardushtiylik, buddaviylik, xristianlik va islom kabi turli diniy-ma’rifiy an’analar rivoj topgan. Shahar o‘z davrida Yunon-Baqtriya va Kushon podsholiklari kabi qadimiy davlatlar tarkibida muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, Temuriylar davrida yirik ilmiy, hunarmandchilik va ma’muriy markaz sifatida yuksalgan.
– Buyuk olim Hakim Termiziy mangu qo‘nim topgan ushbu majmua qalbimda o‘zgacha iliq taassurot qoldirdi, – deydi Jenevadagi Yoshlar muloqoti va tinchlik markazi (YCDP) xodimi Axmad Navid Zaxed. – Muqaddas qadamjoni ziyorat qilgach, o‘zimni yanada yengil his etdim. Qadimdan bu shahar madaniyat, ilm-fan va savdo markazi bo‘lgan. O‘zbekiston tashabbusi bilan ana shu boy an’analarning qayta tiklanayotgani tahsinga loyiq. Bu kabi tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarur.
[gallery-29808]
Tashrif davomida forum qatnashchilari majmua hududida joylashgan Termiz tarixi va termiziylar tarixi muzeyi bilan ham tanishib, vohaning boy tarixi, madaniy merosi hamda buyuk ajdodlar hayotiga oid noyob eksponatlarni ko‘zdan kechirdi.
“Termiz muloqoti” doirasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar mintaqa xalqlarini yaqinlashtirish, umumiy tarixiy merosni anglash va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Xolmumin Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA muxbirlari