Yangi tibbiyot muassasalari foydalanishga topshirildi
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda ularning hududiy qamrovini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini takomillashtirish va tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Ana shu islohotlar samarasi o‘laroq Sirdaryo viloyatining Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida yangi tibbiyot muassasalarining foydalanishga topshirilishi mazkur ezgu ishlar davomiyligining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Sayxunobod tumanining Nurobod, Nurli yo‘l va O‘rikzor mahallalarida yangi oilaviy poliklinika filiallarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Komiljon Mullajanov, tuman prokurori Bekmurod Qurbonov, sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari, nuroniylar, tibbiyot xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan mazkur filiallarda shifokorlar qabul xonalari, laboratoriyalar, ayollar va bolalar salomatligi bo‘limlari, emlash xonalari hamda tez tibbiy yordam xizmatlari tashkil etilgan. Elektron navbat tizimining joriy etilishi aholining vaqtini tejash, tibbiy xizmatlardan foydalanish jarayonini yanada qulay va shaffof tashkil etish imkonini bermoqda.
Mirzaobod tumanida ham aholi uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tibbiyot ob’ektlari foydalanishga topshirildi. Tumanning Oqoltin va Toshkent mahallalaridagi oilaviy shifokorlik punktlari kapital ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy qiyofa kasb etdi.
[gallery-29812]
Ushbu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Loyiha uchun har bir muassasaga 1,5 milliard so‘mdan, jami 3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Natijada Toshkent mahallasida yashovchi 7 ming 700 nafar va Oqoltin mahallasida istiqomat qilayotgan 4 ming nafar aholi uchun sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yanada kengaydi. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari uchun ham zamonaviy mehnat sharoitlari yaratildi.
Har biri 50 qatnovga mo‘ljallangan mazkur oilaviy shifokorlik punktlarida shifokorlar qabul xonalari, laboratoriyalar, ayollar va bolalar salomatligi bo‘limlari, emlash va tez tibbiy yordam xonalari faoliyat yuritadi. Elektron navbat tizimi joriy etilgani esa tibbiy xizmatlarning samaradorligi va ochiqligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tadbirda ishtirok etgan Mirzaobod tumani hokimining o‘rinbosari Sirojiddin Kenjayev aholi salomatligini muhofaza qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
– Yangi va zamonaviy tibbiyot muassasalarining foydalanishga topshirilishi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshiradi. Eng muhimi, insonlar o‘z yashash hududida turib malakali tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa aholi salomatligini mustahkamlash va turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi, – dedi u.
Loyiha buyurtmachisi sifatida “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi ishtirok etgan bo‘lib, loyiha-smeta hujjatlari “Sharo‘ Projekt New” MChJ tomonidan ishlab chiqildi. Qurilish-ta’mirlash ishlari esa “Shoxrux-Demirbek” MChJ tomonidan amalga oshirildi.
Ochilish marosimlarida qatnashgan nuroniylar va mahalla faollari aholi manfaatlarini ta’minlash, tibbiyot sohasini modernizatsiya qilish va inson salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan bunday ezgu ishlar mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligiga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Sayxunobod va Mirzaobod tumanlarida yangi tibbiyot muassasalarining ishga tushirilishi aholiga sifatli tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda sog‘lom jamiyatni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA