Tergov sifati va samaradorligini yanada yaxshilash maqsadida xodimlar malakasi oshirilmoqda
Davlatimiz rahbarining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida tergov sifatini oshirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tizimda tergov sifati va samaradorligini yanada yaxshilash maqsadida tergovchilarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish, shuningdek, ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada amaliy tadbirlar izchil tashkil etilib, ularning navbatdagisi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasida o‘tkazildi.
Xususan, Bosh prokuror o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Q.Isroilov va Bosh prokuraturaning prokuratura organlari tergov tarmoqlari faoliyati ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i A.Imomnazarov Toshkent harbiy prokuraturasida tergovchilarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Keyingi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasida davom etib, mahkama va hududiy harbiy prokuraturalarning barcha xodimlari ishtirokida videokonferensaloqa tarzida ochiq muloqot va o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Jarayonda tergov harakatlarini samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan, zamonaviy kriminalistik texnik vositalar bilan jihozlangan namunaviy “Tergov portfellari” va “Insta 360” rusumli kameralar topshirildi.
Tadbir davomida o‘z xizmat vazifalarini bajarishda namuna bo‘lgan bir qator xodimlar rag‘batlantirildi.
N.Abduraimova, O‘zA