Tendersiz amalga oshirilgan qurilishlar aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda o‘tkazilayotgan tanlov savdolarini aniqladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 22 apreldagi yangi tahrirdagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik hujjatlarining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organlardan biri.
Agentlik tomonidan joriy yilning iyul-avgust oylarida respublikaning barcha hududlarida davlat xaridlarini amalga oshirishda qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarga rioya qilinishi holati o‘rganilgan.
Xususan, Navoiy viloyatida byudjet buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari maxsus axborot portaliga qurilish bo‘yicha joylashtirilgan e’lonlar tanlov asosida joyiga chiqib o‘rganilgan.
O‘rganishlar davomida buyurtmachilar tomonidan 5 holatda umumiy qiymati 1,8 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari tanlov (tender) savdolari o‘tkazilmasdan, shuningdek, pudrat shartnomalari tuzilmasdan bajarilgani ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, Navoiy viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan ikki holatda 626 million 797 ming 153 so‘mlik, Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi tomonidan 491 million 778 ming 600 so‘mlik, Nurota tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 601 million 420 ming 600 so‘mlik hamda Qiziltepa tumani hokimligi tomonidan 125 million 575 ming 400 so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari buyurtmachilar tomonidan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda tanlov savdolari o‘tkazilmasdan, qurilish korxonalari bilan pudrat shartnomasi tuzilmasdan bajarilgan.
Agentlik xodimlari buyurtmachilar tomonidan qurilish bo‘yicha berilgan e’lonlarga asosan qurilish-ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan ob’ektlarni joyiga chiqib o‘rganishganida qurilish ishlari boshlanib bo‘lgan yoxud bir necha oy avval yakunlangani aniqlangan.
Xususan, Nurota tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan tumandagi 12-umumta’lim maktabini joriy ta’mirlash bo‘yicha davlat xaridlari portaliga joriy yilning 28 may kuni boshlang‘ich bahosi 601 million 420 ming 600 so‘m bo‘lgan e’lon joylashtirilgan. Biroq e’lon bo‘yicha ishtirokchilardan tijorat taklifi tushmagani sabab tanlov savdolari o‘tkazilmagan.
Agentlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, yuqorida keltirilgan holatlar bo‘yicha mansabdor shaxslarning hatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Shu kabi o‘rganish ishlari esa davom etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA